8 Noyabr 2024 yil 5553

Paxtakor tumani ichki ishlar bo`limida yangi bino foydalanishga topshirildi


Jizzax viloyati Paxtakor tumani ichki ishlar bo`limi hududida 14 ta xonaga ega qo`shimcha ma’muriy bino hamda vaqtincha saqlash hibsxonasi bunyodga keltirildi. Shu munosabat bilan o`tkazilgan ochilish marosimiga davlat tashkilotlari hamda jamoatchilik vakillari, ichki ishlar organlari faxriylari taklif etildi. Mazkur tadbir avvalida Ichki ishlar vazirining o`rinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullaev, viloyat ichki ishlar boshqarmasining boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov so`zga chiqdi.

Notiqlar tomonidan Yangi O`zbekistonning yangi ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, soha vakillariga qulay xizmat sharoitlari yaratish borasida qilinayotgan ishlar tilga olindi. Shuningdek, marosimda 2 nafar xodimga navbatdagi katta leytenant maxsus unvoni, bir nafar faxriyga “IIV faxriysi” ko`krak nishoni, yana bir faxriyga tashakkurnoma topshirildi.

So`ng ramziy lenta qirqilib, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi. Ma’lumot o`rnida aytish kerak, foydalanishga topshirilgan ma’muriy binodan joy olgan migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda probasiya guruhlari xizmat xonalari, murojaatchilarni qabul qilish, uzoq muddatga xorijga chiqqanlar bilan muloqot o`tkazish xonalari, shaxsiy tarkib yotoqxonasi, navbatchilik o`tkazish punkti hamda oshxona zamon talablari darajasida jihozlangan. Xuddi shunday, saf, wоркоут maydonlari hamda avtomashinalar saqlanadigan joy yuzaga keltirildi.

25 o`rinli vaqtincha saqlash hibsxonasida esa gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarni saqlash uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratildi. Qolaversa, 25 ta kuzatuv kamerasi hibsxona va uning tevaragini to`liq nazorat qilishda qo`l keladi. Mazkur qurilmalar Ichki ishlar vazirligi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi, tuman ichki ishlar bo`limi navbatchilik qismlariga integrasiya qilingan.

 Ichkaridagi videokameralar ovoz yozish xususiyatiga ega. Xonalarga ulangan to`g`ridan to`g`ri aloqa tizimi hibsxonada saqlanayotgan gumon qilinuvchi va ayblanuvchilar bilan muloqot qilish hamda muayyan vaqtlarda radio eshitish imkonini beradi. Qisqasi, tizim moddiy-texnik bazasi izchil mustahkamlanmoqda.

Text to speech