Paxtakor tumanida sayyor sud o’tkazildi
Jinoyat ishlari bo’yicha Paxtakor tumani sudi tomonidan o’tkazilgan navbatdagi sayyor sudda ichki ishlar organlari probatsiya xizmati nazorati ostida bo’lgan bir guruh shaxslarning jinoyat ishlari qayta ko’rib chiqildi. Tadbir avvalida ichki ishlar organlari probatsiya xizmati nazorati ostida bo’lgan mahkumlar tomonidan qayta jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan targ’ibot tadbiri uyushtirildi.
Paxtakor tumani ichki ishlar bo’limida bo’lib o’tgan sayyor sud qayta jinoyatlarning oldini olishga oid chiqishlar bilan boshlandi. Ichki ishlar organlari probatsiya xizmati hamda jinoyat ishlari bo’yicha Paxtakor tumani sudi vakillari tomonidan mamlakatimiz sud-huquq tizimida kechayotgan islohotlar, jinoiy jazolarni liberallashtirish borasidagi o’zgarishlar haqida so’z yuritildi.
SHundan so’ng jinoyat ishlari bo’yicha Paxtakor tumani sudi tomonidan tuman ichki ishlar organlari probatsiya xizmati nazorati ostida bo’lgan bir guruh shaxslarning jinoyat ishlari qayta ko’rib chiqildi. Mazkur jarayonda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog’liq bo’lmagan jazolarni o’tayotgan 7 nafar shaxs shartli ravishda ozod etildi. Bu imkoniyat ularga chin ko’ngildan pushaymon ekanliklari, jazo o’tash tartibiga og’ishmay rioya qilganliklari sabab berildi.
Xuddi shunday, sud tomonidan belgilangan talab va me’yorlarga amal qilmagan 1 mahkumning jazo chorasi o’zgartirilib, ozodlik mahrum qilish jazosi qo’llandi.