Paxtakorda sodir etilgan jinoyat muhokamasiga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazildi
Jizzax viloyati IIB tashabbusi bilan Paxtakor tumanida avtomobil olib qochilishi bilan bogʻliq jinoyat muhokamasi boʻlib oʻtdi. Paxtakor tumani hokimligi, prokuratura va IIB masʼullari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida uyushtirilgan tadbir avvalida sodir etilgan jinoyat tafsilotlari bayon etildi. Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 4-avgustida tungi soat 3.30 larda Oltinkoʻl mahallasidagi savdo markazi oldidan “Lasetti” oʻgʻirlangan. Bu toʻgʻrida Doʻstlik mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiladigan jabrlanuvchi B.S. ichki ishlar organlariga xabar berdi.
Olib berilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyat Zomin tumani Sharof Rashidov qishloq fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi R.A. tomonidan sodir etilgani aniqlandi. Haydovchining avtoulov eshiklarini ochiq qoldirgani jinoyatchiga qoʻl kelgan. Eʼtiborlisi, 3 nafar shaxs oʻzlari bilmagan holda jinoyatchiga yordam berganlar. yaʼni ular “oʻchib qolgan” avtoulovni itarib, voqea joyidan “Lasetti”ning shovqinsiz uzoqlashishiga sharoit yaratib berishgan. Qisqasi, ayblanuvchi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Zomin tumanida qoʻlga olindi.