Profilaktik tadbir o’tkazildi
Nazorat ostidagi dori-darmonlar va sintetik giyohvandlik vositalari inson organizmiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Xususan, asab tizimining buzilishi, vahima, gallyutsinatsiya, kayfiyatning keskin o’zgarishi, paranoya, psixoz va tajovuzkorlik kabi holatlar kuzatilishiga olib keladi. Giyohvand modda ta’siridagi kishi oddiy huquqbuzarlikdan tortib, og’ir va o’ta og’ir turdagi jinoyatlarni sodir etishi mumkin. SHu boisdan O’zbekiston Respublikasida nazorat ostidagi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi jazo choralari kuchaytirildi. Biroq, tarkibida giyohvandlik vositalari bo’lgan psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini savdosi bilan bog’liq qonunbuzarliklar hamon uchramoqda, afsuski.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo’lsak, joriy yilning o’tgan davrida Toshkent shahrida nazorat ostidagi dori-darmonlarni noqonuniy o’tkazish bilan bog’liq 114 ta holat aniqlandi. Huquqbuzarlik sodir etgan 186 nafar shaxs qo’lga olingan bo’lib, ularning 17 nafari Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yashaydi. Tumanda o’tkazilgan profilaktik tadbirning asosiy maqsadi ham kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari bilan bog’liq qonunbuzarliklarga barham berish va uning oldini olishga qaratildi.
O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi giyohvndlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurash boshqarmasining Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv boshqarmasi bilan hamkorligidagi tadbir doirasida hududdagi 32 ta mahallaning barcha xonadonlarda o’rganish ishlari olib borildi.
SHuningdek, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar, ularning yaqinlari va keng jamoatchilik ishtirokida yig’ilish uyushtirildi. Tumandagi barcha korxona va tashkilotlar, muassasalar rahbarlari, yoshlar, jamoatchilik hamda mahalla raislari va faollari qatnashgan tadbirda Ichki ishlar vazirligi, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi mas’ullari tomonidan mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurashga qaratilgan huquqiy hujjatlar mohiyati, giyohvand moddalar bilan bog’liq jinoyatlarning oqibatlari xususida so’z yuritildi.
Tibbiyot muassasalarida tarkibida giyohvand moddalar bo’lgan dori vositalarini saqlash, qo’llashda tartib va me’yorlarga qat’iy amal qilish yuzasidan tavsiyalar berildi. Yig’ilishda, shuningdek Toshkent shahrida psixatrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarning noqonuniy savdosi bilan shug’ullangan shaxslar hatti-harakati ularning ota-onalar va mahalla raislari ishtirokida muhokama qilindi. Noqonuniy faoliyatga oid videlavha namoyish etildi.
Bundan tashqari, tumanda ro’yhatda turib bugungi kunda Toshkent shahrida yashayotgan 1 ming 760 nafar shaxslarning ota-onalari va yaqinlariga ular bilan doimiy aloqada bo’lishlari lozimligi, huquqbuzarlik sodir etmasliklari, jinoyat uchun jazo muqarrar ekanligini yetkazishlari tushuntirildi.
Ma’lumot o’rnida aytish kerak, Jizzax viloyatida joriy yilning o’tgan davrida psixatrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarning noqonuniy savdosi bilan bog’liq 3 ta holatda jinoyat ishi qo’zg’atilgan.