Profilaktik tadbirlar kuchaytirilgan
Ayni kunlarda respublikamizning barcha hududlarida bo’lgani singari Jizzax viloyatida ham “Xavfsiz hudud” profilaktik tadbiri uyushqoqlik bilan o’tkazilmoqda. Qonunbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda jinoyatlarni fosh etishga qaratilgan mazkur tadbirda ichki ishlar organlari xodimlari bilan birdek Milliy gvardiya hamda korxona va muassasalar vakillari, o’zini o’zi boshqarish va yoshlar tashkilotlari faollari ishtirok etmoqdalar.
Mazkur jarayonda davlat va jamoat tashkilotlari, ko’p qavatli uylar, bo’sh turgan inshootlar ko’zdan kechirilib, giyohvandlar, ichkilikbozlar, oilaviy janjalkashlar, muqaddam sudlanganlar, profilaktik hisobga olinganlar bilan suhbatlar o’tkazilayapti. Tabiiyki, huquqbuzarlik va jinoyatlarni aniqlash choralari ko’rilmoqda. Ma’lumot o’rnida aytish kerak, bugungacha 154 ming 628 ta ob’yekt ko’zdan kechirilgan. SHuningdek, profilaktik tadbirlar davomida 5 ming 711 ta huquqbuzarlik aniqlangan. 71 kishi davolash muassasalariga joylashtirildi. 10 nafar qidiruvdagi shaxs ushlanib, 5 nafar bedarak yo’qolgan fuqarolar topilgan.
Jumladan, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo’yin tovlash bilan bog’liq jinoyatni sodir etganligi uchun joriy yilning 1 avgustidan buyon qidirilayotgan Do’stlik tumanining Bundyokor mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi S.H Samarqand shahridagi yashirin manzilida qo’lga olindi.
SHuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan qochib yurgan Navoiy viloyati Navoiy shahrida yashovchi S.O’.ning Toshkent shahridagi yashirin manzili aniqlanib, ushlangan. U Jizzax viloyatida firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun qidirilayotgan edi.