5 Avgust 2025 yil 1131

Profilaktika inspektorlarining faoliyati tahlil qilindi


Jizzax shahrida ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining yarim yillik faoliyati tahliliga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi. Tadbirda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, uning o`rinbosarlari hamda bir qator sohaviy xizmatlarning rahbar va mas’ullari so`zga chiqdi. Mazkur jarayonda 9-15 iyun kunlari Ichki ishlar vazirligi tomonidan o`tkazilgan kompleks inspektorlik tekshiruvlari natijalari tilga olindi.

  Xususan, “qizil” toifadagi mahallalarda olib borilgan profilaktik ishlar samaradorligi, xorijga uzoq muddatga chiqib ketgan shaxslar bilan ishlash, giyohvandlik ekinlari etishtirilishiga qarshi kurashish, aholi murojaatlari asosida muammolarga echim topish kabi masalalarga to`xtalib o`tildi. Shuningdek, xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, kiberjinoyatchilikka qarshi chora-tadbirlarni belgilash, aholining huquqiy bilimlarini oshirish, ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, profilaktika inspektorlari kiritgan xulosalarning natijadorligi, noqonuniy diniy ta’lim berish bilan bog`liq qonunbuzarliklarga barham berish masalalari ko`tarildi.

  O`z navbatida ushbu yo`nalishlarda kamchiliklarga yo`l qo`yganlar tanqid ostiga olinib, ayrimlarga intizomiy choralar ko`rilishi bildirildi. Shuningdek, tadbirda bir qator sohaviy xizmatlar mas’ullari tomonidan profilaktik va tezkor tadbirlarni o`tkazishga oid taklif va tavsiyalar berildi. Chunonchi, fuqarolikni rasmiylashtirish va migrasiyaga oid qonunchilikka kiritilishi ko`zda tutilayotgan o`zgarishlar, ekstremizm, diniy ta’limotdan noqonuniy saboq berish qonunbuzarliklarini fosh qilish yuzasidan tushuntirishlar berildi.

  Xuddi shunday, ariza va shikoyatlarni o`rganish, “E material” elektron bazasiga ma’lumotlarni kiritish hamda ijro borasida sustkashlikka yo`l qo`yish ichki ishlar organlari nufuziga putur etkazishi bildirilib, mavjud nuqsonlarni qisqa muddatlarda bartaraf qilish talabi qo`yildi. Tadbirda xizmat intizomini buzganlar va qonunga zid xatti-harakatlarga qo`l urganlarga qanday choralar ko`rilgani ma’lum qilindi va yig`ilganlardan qonunga qat’iy amal qilish, burch va vazifalariga mas’uliyat bilan yondashish so`raldi.

  Shuningdek, yig`ilishda profilaktika inspektorlari ixtiyoridagi yarog` va vositalardan samarali foydalanish, xizmat uylari ta’miri, aholining huquqiy madaniyatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, soha vakillari faoliyatiga oid tavsiyaviy ko`rsatuv namoyish qilindi.

   Yakunda 9-15 iyun kunlari Ichki ishlar vazirligi tomonidan o`tkazilgan kompleks inspektorlik tekshiruvlari davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda yig`ilishda belgilab berilgan topshiriq va vazifalarning ijrosini ta’minlash bo`yicha reja ishlab chiqildi. 


Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.

Text to speech