26 Iyul 2022 yil 483

Profilaktika inspektorlarining kasbiy tayyorgarligi bo’yicha o’quvi tashkil etildi

Jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash ichki ishlar organlarining asosiy vazifalaridan sanaladi. Bu jarayonda soha vakillarining huquqiy bilimlari va kasbiy mahoratini oshirib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2022 yil 23 maydagi “Tuman (shahar) ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining kasbiy, jismoniy va jangovor tayyorgarligini yanada oshirish buyicha o’quv yig’inlarini tashkil etish to’g’risida”gi farmoyishi asosida Jizzax viloyati ichki ishlar organlarining bir guruh profilaktika inspektorlarining kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarliklari yanada oshirilayapti.

Sharof Rashidov tumanidagi harbiy qismda olib borilayotgan o’quvda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari, jamoat xavfsizligi xizmati boshlig’i sohaga oid normativ huquqiy va qonun hujjatlari to’g’risida ma’lumot berdi. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvarda qabul qilingan “2022-2026 yillarga mo’ljallangan yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to’g’risida”gi farmoni mazmun-mohiyati, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish maqsadida belgilangan ustuvor yo’nalish tushuntirildi.

Bunda qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni, mahkumlar va jazoni o’tab bo’lgan shaxslarning mehnat, ijtimoiy ta’minot va xalqaro e’tirof etilgan boshqa huquqlarini himoya qilish orqali ularning ijtimoiy moslashuviga ko’maklashish, ushbu yo’nalishda davlat va jamiyat institutlarining birgalikdagi faoliyatini yo’lga qo’yish, fuqarolarga huquqiy ta’sir ko’rsatish, shu jumladan harakatlanish erkinligini cheklash bilan bog’liq choralarni qo’llashda qonuniylikni so’zsiz ta’minlash hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, davlat rahbarining 2021 yil 26 martdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

O’quvdan ko’zlangan maqsad ham soha vakillarining bugungi kun talablari asosida kasbiy malakalarini oshirish, xizmat davomida yuklatilgan vazifalarni bajarishga vijdonan va mohirona yondashish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashda kasbiy mahorat va tayyorgarlikka ega bo’lishlarini ta’minlashga qaratilgan. Yakunda tinglovchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar qaytarildi.

 

 

Text to speech