Profilaktika xizmati faoliyati sarhisob qilindi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida profilaktika inspektorlarining joriy yil 9 oylik faoliyati tahliliga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tdi. Viloyat ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligi hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatlari mas’ul rahbarlari va profilaktika inspektorlari ishtirokida o’tgan yig’ilishni Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov boshqarib bordi. Tadbir avvalida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish hamda jinoyatlarni fosh etish borasida amalga oshirilgan ishlar va yo’l qo’yilgan kamchiliklar tilga olindi. Qayd etilishicha, o’tgan yilning mos davri bilan qiyoslaganda viloyatda umumiy jinoyatchilik 0,3 foizga kamaygan bo’lib, mavjud 302 ta mahallaning 156 tasida jinoyat sodir etilishiga yo’l qo’yilmagan, 37 tasida kamaygan.
Ammo hududlarda profilaktika inspektorlari tomonidan ish to’g’ri tashkil qilinmaganligi bois mahallalarning 109 tasi qizil toifaga kiritilgan. Ushbu qizil toifadagi mahallalar salmog’i Jizzax shahrida 52,9, SH.Rashidov tumanida 41,7, Baxmalda 36,4, Do’stlik tumanida 41,7 foizni ko’rsatmoqda.
Tanqidiy va tahliliy ruhdagi yig’ilishda hududlarda yuz bergan qonunbuzarliklar tahlil qilindi. Ta’kidlanishicha, jami yuz bergan jinoyatlarning 38 foizi oldini olish mumkin bo’lgan jinoyatlar sirasiga kiradi. SHu bilan birga profilaktika inspektorlari tomonidan aniqlangan jinoyatlar, bedarak yo’qolgan shaxslarni izlab topish, ov qurollarini noqonuniy saqlash, muayyan yashash joyiga ega bo’lmagan shaxslarni rebilitatsiya qilish markaziga joylashtirish borasida ham kamchiliklarga yo’l qo’yilgan.
SHu kuni muqaddam sudlangan shaxslarning ma’muriy nazorat qonuni ta’siri ostiga tushuvchilarining 16 foiziga nisbatan ma’muriy nazorat o’rnatilmaganligi tanqid qilindi. Buning oqibatida Jizzax shahar, SHarof Rashidov, Baxmal, G’allaorol, Do’stlik, Zafarobod, Mirzacho’l va Paxtakor tumanlarida ushbu toifadagi shaxslar ishtirokidagi jinoyatlar soni ortishiga yo’l qo’yilgan.
Yig’inda kamchilik va nuqsonlarga yo’l qo’yayotgan profilaktika inspektorlari qat’iy ogohlantirildi. SHu bilan birga jinoyatlar ortishining sabab va omillari tahlil etilib, ishni samarali tashkil qilishga doir taklif va tavsiyalar bildirildi.
Profilaktika inspektorlarining faoliyati tahlili davomida xizmat intizomini buzgan, qonunbuzarlik sodir qilgan xodimlarga oid ma’lumotlar keltirib, intizom va qonuniylikni ta’minlash bo’yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
SHuningdek, tadbirda jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlashda namunali xizmat olib borayotgan bir guruh xodimlar rag’batlantirildi.
YAkunda kun tartibidagi masalalar yuzasidan zarur choralar belgilandi.