Qaror ijrosi taʼminlanmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 2-apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 1-sentyabrdan profilaktika inspektorlari vakolatiga kiruvchi maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha ish yurituvi toʻliq elektron shaklga oʻtkazildi. Xususan, profilaktika inspektorlari sud majlislarida masofadan turib qatnashish amaliyotining joriy etildi. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi transportda xavfsizlikni taʼminlash boʻlimi tomonidan ham mazkur qaror ijrosi taʼminlanmoqda.
“Temir yoʻllarda xavfsiz kun” profilaktik tadbiri davomida viloyat IIB transportda XTB xodimlari tomonidan Jizzax viloyati xududidan oʻtuvchi temir yoʻlning 9-razyezd bekatiga qoʻyilgan yuk poyezdi vagonlari ehtiyot qismlarini Toshkent mintaqaviy temir yoʻl uzeliga qarashli 9-razyezd bekat navbatchisi lavozimida ishlovchi fuqaro oʻziga tegishli boʻlgan “Nexia” avtomashinasiga yuklab olib ketish uchun tayyorlab qoʻyilganligi aniqlandi. Mazkur holat jinoyat ishlar boʻyicha Sharof Rashidov tumani sudi tomonidan koʻrib chiqildi.
Masofaviy tarzda oʻtkazilgan sud majlisida gumonlanuvchi huquqbuzar deb topilib, unga nisbatan tegishli maʼmuriy jazo qoʻllanildi.
Qisqasi, profilaktika inspektorlarining sud majlislarida masofadan turib onlayn qatnashishi ularning sud idorlariga borib kelish vaqtini tejab, asosiy vaqtini xizmat joylarida davom ettirish imkonini yaratdi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati