Qonunbuzarlikka qarshi birga kurashiladi
Baxmal tumani hokimligida O’zbekiston Respublikasi IIV hamda viloyat IIB tomonidan yig’ilish o’tkazildi. Tumandagi barcha mahallalarning faollari, ta’lim va sog’liqni saqlash muassasalari, tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari, qonunbuzarlarning yaqinlari ishtirokidagi yig’ilishda giyohvandlik va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari bilan bog’liq kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir etayotgan omillarni bartaraf etish borasidagi ishlar xususida so’z bordi.
Ta’kidlanishicha, nazorat ostidagi dori-darmonlar va sintetik giyohvandlik vositalari uni iste’mol qilgan shaxsning organizmiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. O’z navbatida og’ir va o’ta og’ir turdagi jinoyatlar sodir etilishiga ham sabab bo’ladi. So’ngi vaqtlarda ushbu turdagi dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan bog’liq qonunbuzarliklar soni ortmoqda. Xususan, birgina 2022 yil davomida Jizzax viloyati hududida o’ndan ziyod holat aniqlanib, 14 nafar huquqbuzarlar ushlangan. Ularning 6 nafari esa Baxmal tumanida istiqomat qilishadi.
Yig’ilishda tarkibida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir etuvchi preparatlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish yuzasidan olib borilgan tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida qo’lga olingan shaxslarning qilmishi muhokama qilindi. SHu bilan birga mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurashga qaratilgan huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati, giyohvand moddalar bilan bog’liq jinoyatlarning oqibatlari, qonunni buzganlarga belgilangan javobgarliklar yetkazildi. Bundan tashqari aholi, ayniqsa yoshlar o’rtasida sog’lom turmush tarzini targ’ib etish, ularning ma’naviy dunyosini boyitish orqali jamiyat uchun xavfli illatlarga qarshi kurashish mumkinligi uqtirildi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati