28 Aprel 2021 yil 938

Intizom va qonuniylik ustuvor bo’lmog’i lozim

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov barcha shahar va tumanlar ichki ishlar bo’limlari hamda boshqarma sohaviy xizmatlari xodimlari bilan muloqot o’tkazdi. Bu jarayonda xizmat intizomi va qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, salbiy holatlar, xususan tamagirlikka yo’l qo’ymaslik, fuqarolar bilan xushmuomala bo’lish kabi masalalar ko’rib chiqildi.

Mamlakatimizda ichki ishlar organlari xodimlarining zamonaviy qiyofasini yaratish, ularning mas’uliyati va kasbiy salohiyatini oshirish, jinoyatchilikning yangi ko’rinishlariga qarshi kurashish uchun zarur ko’nikmalarni shakllantirish, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tub islohotlar amalga oshirilmoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 26 martdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni bu borada muhim dasturilamal bo’lib xizmat qilayapti. Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Ichki ishlar vazirligi hay’atining shu yil 12 fevraldagi kengaytirilgan yig’ilishi hamda Ichki ishlar vaziri tomonidan o’tkazilgan joriy yil 20 apreldagi videoselektor yig’ilishida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikni jilovlash barobarida xodimlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan vazifalar belgilandi. Joylarda o’tgan muloqotlarda sohadagi ana shu yangilik va o’zgarishlar, islohotlar xususida so’z borib, har bir xodim xizmat jarayonida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz” konseptual g’oya asosida ish olib borishi lozimligi uqtirildi.

Yig’ilishlarda, shuningdek joriy yilning birinchi choragida hududlarda shaxsiy tarkib tomonidan yo’l qo’yilgan xizmat intizomi va qonun buzish holatlari, odob-axloq qoidalariga amal qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, jinoyat va hodisalarga oid ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni qabul qilish, ro’yxatga olish va ko’rib chiqish tartib va me’yorlarining ijrosi ham atroflicha muhokama qilindi. Xodimlarning axloqiy-ruhiy holatini nazorat qilish, psixologik xizmat sifatini oshirish yuzasidan fikrlar bildirildi.

Huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasidagi tezkor, profilaktik va tashkiliy tadbirlarni o’z vaqtida, sifatli va samarali tashkil etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar yuklatildi. Har bir xodimning kundalik ish faoliyati ustidan idoraviy nazoratni kuchaytirish orqali ish samaradorligini oshirish, shuningdek har bir rahbar zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda tashabbus ko’rsatishi, qo’l ostidagi xodimlarga shaxsiy namuna bo’lgan holda xizmatni tashkil etishi zarurligi tushuntirildi.

Tadbirlarda faollarni rag’batlantirish, intizomni buzganlarga tegishli tartibda chora ko’rish masalalari ham ko’rildi. Hamkasblariga o’rnak bo’layotgan bir guruh soha xodimlari viloyat ichki ishlar boshqarmasining faxriy yorliq va pul mukofotlari va sovg’alari bilan taqdirlandi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech