Qotillik jinoyati muhokama etildi
Joriy yilning 18 dekabr’ kuni soat 16.40.da Jizzax shahrining Obod mahallasida yashovchi L.Q. “Nega singlim bilan gaplashib yuribsan”, deya o’zi bilan olib kelgan oshxona pichog’i bilan Ittifoq mahallasida istiqomat qilgan N.B.ning ko’krak va qorin sohasiga ikki marta pichoq urgan. Jabrlanuvchi respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialida ko’rsatilgan muolajalarga qaramasdan vafot etdi. Holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo’zg’atilib, ayblanuvchi vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Mazkur jinoyat muhokamasi Ittifoq va Obod mahallalari vakillari ishtirokida o’tkazildi. Tadbirda Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov, viloyat prokurori vazifasini bajaruvchi Alisher SHamsiyev, Jizzax shahri hokimi Komil Xolmurodov va boshqalar so’zga chiqib, ushbu qotillikning sabab va oqibatlari xususida to’xtaldilar. Mazkur jarayonda farzand tarbiyasiga e’tibor bilan yondashish, salbiy hodisalarga nisbatan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mahalla faollarining faoliyatini jonlantirish kabi masalalar atroflicha muhokama etildi.
Tadbir davomida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish hamda ijtimoiy masalalarni hal qilish nuqtai nazaridan har ikki mahallaga tegishli muammolar o’rganildi. SHu kuni sektor rahbarlari Ittifoq mahallasi hududida barpo etilgan zamonaviy qozonxona faoliyati bilan tanishdilar. Ma’lumot o’rnida aytish kerak, mazkur ixcham va tejamkor texnologiya 40 ga ko’p qavatli uyni isitish va issiq suv bilan ta’minlash imkonini beradi.