Jizzax viloyati harbiy ma’muriy sektori hamda Markaziy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi tomonidan tashkil etilgan “Jasorat maktabi” o`quv yig`ini tinglovchilari bilan rahbar va yoshlar uchrashuvi tashkil qilindi. Tadbirda Jizzax viloyati IIB boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov, Markaziy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni, polkovnik Farrux Ziyoboev, Jizzax viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari Akmal Sovurboevlar ishtirok etishdi. Muloqot avvalida mamlakatimizda yoshlarga qaratilgan e’tibor, ularning ilm olishi, kasb-hunar o`rganishi uchun yaratilgan sharoitlar, iste’dod va iqtidorlarini yuzaga chiqarishga qaratilgan tadbirlar xususida so`z bordi. Shu bilan birga viloyat IIB boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov o`zining xizmat faoliyati, erishgan yutuqlari xususida yoshlarga so`zlab berdi. Yoshlar bugungi imkoniyatdan foydalanib, o`qib o`rganishlari, aniq maqsad sari harakat qilishlari, jamiyatda o`z o`rinlariga ega bo`lishlari lozimligi ta’kidlandi. Mazkur “Jasorat maktabi” bu borada muhim ahamiyatga ega ekanligi tushuntirildi. Shu o`rinda aytish joiz, mazkur o`quv yig`iniga ichki ishlar organlarida profilaktik nazoratda hamda “Yoshlar daftari”da ro`yxatda turgan 100 nafar yigitlar qamrab olingan. Ular o`n kun davomida harbiy qismda yashab, Milliy Armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan askar va ofiserlarning hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo`lishdi. Bundan tashqari, jangovar sport o`yinlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda kasbga yo`naltirishga qaratilgan treninglar o`tildi. Shu bilan birga Jizzax shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi tomonidan kasblar o`rgatilib, tadbirkorlik qilish istagida bo`lganlarning loyihani amalga oshirishga oid mahoratlari oshiriladi. Rahbar va yoshlar uchrashuvida o`nayotgan avlod vakillari o`zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Muloqotda yoshlarning bandlik, kredit olish, o`zini-o`zi band qilish kabi masalalar bo`yicha murojaatlari ham tinglandi. Shu qatorda o`quv yig`in ishtirokchilarining 3 nafariga harbiy guvohnoma topshirildi.