Respublika ishchi guruhi qonunbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyat bilan tanishdi
Ayni vaqtda Jizzax viloyatida faoliyat yuritayotgan respublika ishchi guruhi Jizzax shahar IIB 3- sonli ichki ishlar bo`limida hokimlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ullari hamda mahalla ettiliklari bilan muloqot o`tkazdi. Mazkur jarayonda viloyat markazida 2024 yil davomida sodir etilgan jinoyatlar hamda ichki ishlar organlari va mahalla ettiliklarning qonunbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyati tahlil etildi.
So`ng mamlakatimiz rahbarining joriy yil 3 yanvardagi “2025 yilda
respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning
barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo`yicha
chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori ijrosini ta’minlash masalasi ko`tarildi.
Shuningdek, yig`ilganlarning huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish hamda
ijtimoiy profilaktikani tashkil qilishga oid takliflari o`rganildi.
Ishchi guruh a’zolari Jizzax shahridagi “Madaniyat” mahallasi ettiligi
bilan ham uchrashdi. Bunda jinoyatchilikni jilovlash borasida qilinayotgan ishlarga
diqqat qaratildi. Ma’lum qilinishicha, 2024 yilda mahallaga 109 ta kuzatuv
kameralari o`rnatilishi, profilaktik ishlar hamda aholi muammolarini hal
qilishga qaratilgan choralar natijasi o`laroq mahalla “qizil” toifadan
“sariq”qa o`tgan. Bu yildan esa ettilik “yashil” maqomini mahkam tutishga bel
bog`lagani qayd etildi.
Muloqot jarayonida davlatimiz rahbarining joriy yil 3 yanvardagi
qaroriga asosan bandlikni ta’minlash, yoshlarning bo`sh vaqtini tashkil etishga
qaratilgan tadbirlarni kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.