31 Mart 2021 yil 975

Sayyor sudda g’allaorollik fuqaro ozodlikdan mahrum qilindi

G’allaorol tumanida ichki ishlar organlari nazorati ostida turgan shaxslar ishtirokida yig’ilish va sayyor sud o’tkazildi.

Tumani ichki ishlar organlari probatsiya guruhi nazoratida turgan shaxslar ishtirokidagi tadbir avvalida bo’sh ish o’rinlari mehnat yarmarkasi uyushtirildi. YArmarkada ishsiz yoki ish joyini o’zgartirish istagida bo’lgan mahkumlar tumandagi korxona, tashkilot hamda muassasalardagi mavjud bo’sh ish o’rinlari bilan tanishdilar.

Jizzax viloyati prokurori o’rinbosari Barno Umarova hamda tuman hokimi Jaloliddin Oqboyev o’tkazgan yig’ilishda nazorat ostida turgan shaxslarning mavjud tartib va qoidalarga amal qilishlari, munosib xulq-atvorda bo’lishlari lozimligi tushuntirildi. SHuningdek, mahkumlarni qiynayotgan muammolar ham tinglandi. Ushbu masalalarni hal etish yuzasidan sektor rahbarlariga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Jinoyat ishlari bo’yicha G’allaorol tuman sudi tomonidan o’tkazilgan sayyor sudda 5 nafar mahkumning ishi ko’rildi. Axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash jazosini o’tayotgan 4 nafar shaxslar belgilangan tartib-qoidaga amal qilib, berilgan imkoniyatdan to’g’ri xulosa chiqargan holda o’nglanish yo’liga o’tganligi bois muddatidan avval shartli ravishda ozod qilindi. Jazoni o’tashdan qasddan bo’yin tovlagan bir nafar shaxs qayta ozodlikdan mahrum qilindi.

 

Jizzax viloyat IIB axborot xizmati

Text to speech