27 Yanvar 2022 yil 641

Sayyor sudda mahkumlarga insonparvarlik yordami ko’rsatildi

Mirzacho’l tumani ichki ishlar organlari probatsiya guruhi tomonidan nazorat ostida jazo o’tayotgan mahkumlarni ijtimoiy moslashtirish, ularning muammolarini hal etish orqali jamiyatda o’z o’rinlarini topishlariga ko’maklashish, bandligini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

SHu bilan birgalikda qilmishidan pushaymon bo’lib, tuzalish yo’liga o’tgan shaxslarni ozod qilish choralari ko’rilayapti. Jinoyat ishlari bo’yicha tuman sudining navbatdagi sayyor sud majlisida ham 6 nafar mahkumning ishi ko’rildi. Xususan, tuman ichki ishlar organlari probatsiya guruhining taqdimnomasi asosida 5 nafar mahkumga insonparvarlik tamoyili qo’llanilib, muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi.

Bir nafar mahkum axloq tuzatish ishlari jazosini o’tash davrida belgilangan tartib va qoidalariga rioya etmaganligi bois ozodlikdan mahrum qilindi.

SHu kuni ichki ishlar organlari probatsiya guruhi nazoratida turgan shaxslar ishtirokida ochiq muloqot ham o’tkazildi. Tayinlangan jazo muddatini o’tash vaqtida belgilangan cheklov va qoidalarga amal qilishlari lozimligi tushuntirildi.

Xuddi shunday, jinoyat ishlari bo’yicha Arnasoy tuman sudi tomonidan ham sayyor sud majlisi o’tkazildi. Sud avvalida jazoni ochiqda o’tayotgan mahkumlar mavjud qoidalarga rioya etishi, belgilangan tartibni buzganlik uchun huquqiy jazo choralari ko’rilishi, axloqan tuzalish yo’liga o’tgan mahkumlarga qonunchilikka asosan yengil jazo turlari qo’llanilishi haqida tushuntirishlar berildi.

Sayyor sudda tuman ichki ishlar organlari probatsiya guruhining taqdimnomasi asosida sodir etgan jinoyatlari uchun pushaymon bo’lib, o’nglanish yo’liga o’tgan bir guruh shaxslarga yana ishonch bildirildi va ular muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech