Samarali ochiq muloqot
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Mirzacho’l tumanida sayyor qabul o’tkazdi. Sektor rahbari qabul hududda tadbirkorlik loyihalari bilan tanishdi. Xususan, Mirzadala mahallasidagi “Xusniddin-Hushnudbek” fermer xo’jaligiga qarashli issiqxonada bo’ldi. Sektor rahbariga yetishtirilayotgan mahsulotlar, ish o’rinlari haqida ma’lumot berildi.
Ma’lum qilinishicha, issiqxona 4 gektarni tashkil etib, bulg’or qalampiri parvarishlanmoqda. Ko’chatlar o’tqazilganiga 10 kundan oshgan va aprel oyi so’nggiga borib hosil terib olinadi. Hozirda bu yerda jami 50 kishi mehnat qilayapti. Ularning 25 nafar doimiy va qolganlari mavsumiy ishchi hisoblanadi.
Tuman markazidagi “G’alaba” mahallasida bo’sh turgan binoda o’rnida esa “G’alaba tekstil” fabrikasi faoliyati yo’lga qo’yildi. Mazkur korxonaning faoliyat boshlashi munosabati bilan ramziy bog’ich qirqilib, ishlab chiqarish jarayoni ko’zdan kechirildi.
Aytish joizki, tuman hokimining shu mahalladagi iqtisodiy masalalar bo’yicha yordamchisining bevosita tashabbusi bilan fabrika faoliyati uchun “Mirzacho’lagroprom” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 320 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilishi natijasida 240 nafar mahalla xotin-qizlari ish bilan ta’minlandi. Hozirda bu yerda bir kunda o’rtacha 5 ming dona eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilayapti.
Sektor rahbari tuman hokimi bilan birgalikda IT markazi faoliyatini ham ko’zdan kechirdi. SHuningdek, yoshlarning sport bilan shug’ullanishlari uchun yaratilgan qulayliklarga ham diqqat qilindi. Aholi o’rtasida sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish, mahalla yoshlarining bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasidagi ishlar ko’lamini oshirish kerakligi uqtirildi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i tuman hokimining mahallalardagi iqtisodiy masalalar bo’yicha yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari bilan ham suhbatlashdi. Muloqotda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilmani yanada yaxshilash, yoshlar bilan ishlash va ularning tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash borasidagi ishlar ko’lamini yanada kengaytirish kerakligi ta’kidlandi.
SHu kuni yoshlar festivali ham uyushtirildi. YOshlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xususan tuman hokimining iqtisodiy masalalar bo’yicha o’rinbosarlari va yoshlar yetakchilari ishtirokida bo’lib o’tgan tadbirda ichki ishlar organlari kinologiya xizmati, tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi xodimlarining ko’rgazmali chiqishlari, badiiy havaskorlik jamoalarining konserti namoyish etildi.
Xuddi shunday, ichki ishlar organlari xodimlari foydalanuvidagi texnikalar, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining qutqaruv va yong’in o’chirishda foydalaniladigan vositalari ko’rgazmasi bo’lib o’tdi. Bundan tashqari 4 ta sektor yoshlari o’rtasida “Zakovat” intellektual o’yini, sportning mini futbol, kurash, tennis va shaxmat, armrestling kabi turlari bo’yicha musobaqalar o’tkazildi. G’oliblar esa munosib taqdirlandi.
Sayyor qabul doirasida viloyat ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo’limi xodimlari tomonidan ayollar bilan suhbatlar olib borildi. Viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi shifokorlari esa aholini tibbiy ko’rikdan o’tkazgan bo’lsa, “Sog’lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg’armasi viloyat bo’limi tomonidan bepul dori-darmonlar tarqatildi.
Bo’sh ish o’rinlari mehnat yarmarkasi, yosh san’atsevarlarning ijodiy ishlari ko’rgazmasi tuman faollari e’tiborini torti. Aholi va yoshlar bilan muloqot avvalida 3- sektor hududidagi mahallalarda yashovchi ijtimoiy himoyaga muxtoj fuqarolarning bir guruhiga non pishirish pechlari berildi. Voyaga yetgan yoshlarga ID kartalar, kredit olish istagini bildirgan yoshlarga sertifikatlar topshirilib, 5 nafar tashabbuskor yoshlar faxriy yorliq va sovg’alar bilan taqdirlanishdi.
Sayyor qabulda fuqarolar tomonidan ishga joylashish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, salomatligini tiklash, o’rta umumta’lim maktabida to’garaklar faoliyati va oilaviy tadbirkorlikni yo’lga qo’yish, kredit to’lovi muddatini uzaytirish, yetkazilgan zararni undirish, subsidiya ajratilishi kabi qator masalalarda amaliy yordam so’raldi.
Qabulda murojaatlarning aksariyati joyida bartaraf etilib, “mahallabay” va “fuqarobay” ish samaradorligini oshirish, aniqlangan ijtimoiy masalalarni bartaraf etish yuzasidan sektor rahbarlari, tegishli idoralar mas’ullari hamda hokim yordamchilariga topshiriqlar berildi. Ushbu muamolarning yechimi bo’yicha aniq muddatlar belgilandi.
Darhaqiqat, aholini qiynayotgan masalalarning mutasaddilar tomonidan o’rganilib, ularning hal etilishi insonlar turmush madaniyatini yanada yuksaltirishga zamin yaratadi. O’z navbatida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish orqali yangi ish o’rinlari yaratish, tadbirkorlik loyihalarini joriy etish, asosiysi fuqarolar rozligiga erishiladi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati