Samarqand mahallasi obod bo’ladi
Jizzax viloyati Zafarobod tumani Samarqand mahallasi “Obod
xonadon”, “Obod ko’cha” va “Obod mahalla” dasturi doirasida obod qilinadi. Jizzax
viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov ushbu mahallada bo’lib, hududda
dastur doirasida amalga oshirilishi rejalangan ishlar bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, dastur doirasida mahalla fuqarolar
yig’ini uchun yangi bino hamda profilaktika inspektoriga xizmat uyi bunyod etiladi.
Hududdagi 18- sonli o’rta umumta’lim maktabining isitish tizimi yangilanib, ichimlik
suvi bilan ta’minlanadi. 16 kilometrdan ziyod ichki yo’llarga asfal’t hamda beton
yotqazilib, 17 kilometrga yaqin piyodalar yo’laklari quriladi va 3 yarim kilometri
shag’allashtiriladi. 350 ga yaqin tungi yoritish ustunlari, 100 dona temir-beton
ustunlar o’rnatish, 5 kilometrdan ziyod elektr tarmog’i tortish va 2 dona transformator
o’rnatish ham rejalangan.
Bundan tashqari aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash,
240 ta xonadonni tabiiy gaz tarmog’iga ulash, yangi irrigatsiya tarmoqlari o’rnatish
va sizot suvlari bilan bog’liq masalani hal etishga ham e’tibor qaratilgan. Obodlik
doirasida 9 xonadonli 2 ta barak tipidagi uylar ta’mirlanib, 1- sonli yotoqxonada
yashayotgan 5 ta xonadon uy-joy bilan ta’minlanadi. SHu bilan birga kuzatuv kameralari
o’rnatish, yoshlarning bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida markaziy
o’yingoh soz holatga keltirilib, 2 ta bolalar maydonchalari bunyod etiladi. Qisqasi
mazkur bunyodkorlik doirasida aholi uchun zarar sharoitlar yuzaga keltiriladi.
Sektor rahbari mahalla beshligi tomonidan “xonadonbay”
ishlash orqali fuqarolarning muammolarini o’rganish hamda aniqlangan kamchiliklarni
hal etish yuzasidan topshiriqlar berdi. Bundan tashqari obodonlashtirish ishlarini
uyushqoqlikda tashkil etish, jarayonda aholi faol ishtirokini ta’minlash lozimligi
qayd etildi.