Sektor mas’ullari aholi va yoshlar bilan uchrashuv o’tkazdi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i Do’stlik tumanining G’afur G’ulom mahallasida aholi va yoshlar bilan uchrashdi. Sayyor qabulda tuman hokimi va barcha tuman tashkilotlari mas’ullari, aholi va yoshlar ishtirok etishdi. Muloqot avvalida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’.Qodirov jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, bu borada olib borilayotgan ishlar haqida to’xtaldi. Kuzatilayotgan mudhish jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabab va omillari tilga olinodi.
Qayd etilishicha, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida spirtli ichimliklar ta’sirida kuch-quvvatga to’lgan yoshlarning jahl ustida va o’zini idora qilolmasdan jinoyatga qo’l urayotgani aniq misollar bilan tushuntirildi. Ota-onalar farzandlar tarbiyasiga e’tiborsiz bo’lmasliklari, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishlari zarurligi uqtrildi. Aloqador tashkilotlarning yoshlar bilan ishlashda yo’l qo’yayotgan kamchiliklari ko’rsatilib, jinoyatchilikni jilovlashga har bir kishi mas’ul ekanligi ta’kidlandi.
SHundan so’ng 5 nafar yoshlarga safarbarlik chaqiruv rezervida xizmat o’tash uchun pullari hamda 2 nafariga esa haydovchilik guvohnomasi uchun to’lovlar o’tkazib berilganligi haqidagi sertifikatlar, bir guruh ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga mini pech, 16 yoshga to’lgan 2 nafar shaxslarga O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalar topshirildi. Bundan tashqari, 5 nafar tashabbuskor yoshlarga qimmatbaho sovg’alar topshirildi.
Muloqotda murojaatchilar o’zlarini qiynayotgan ijtimoiy-maishiy, iqtisodiy va huquqiy masalalarni hal etishda amaliy yordam so’rashdi. Xususan, yo’llarni ta’mirlash, shag’al yotqizish va asfal’t qilish, alimentni undirish, ishga joylashish, tijorat bankidan kredit olish, elektr transformatorlarini o’rnatish, elektr tayanchlarni almashtirish kerakligi bayon etildi. Qabul davomida 25 ga yaqin fuqaroning firibgarlik, qonunbuzarlarga chora ko’rish kabi muammolari mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirokida hal etish choralari belgilandi.
Ommaviy sayyor qabulda ko’tarilgan masalalarning aksariyati joyida hal etildi. Vaqt talab etadigan muammolar ijrosini ta’minlash bo’yicha yo’l xaritasi ishlab chiqilib, ijrosi nazoratga olindi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati