26 Sentyabr 2021 yil 671

Sektor rahbari arnasoyliklar bilan uchrashdi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i Arnasoy tumani aholisi va yoshlari bilan uchrashdi. Tadbirda muammolar o’rganilib, ularni joyida hal etish choralari ko’rildi.

Arnasoy tumanidagi “Bahodirova SHahzoda” mas’uliyati cheklangan jamiyati bevosita 3- sektor qo’llab-quvvatlovi bilan shu yilning mart oyida faoliyat boshlagan edi. Penablok ishlab chiqaruvchi korxonada 5 kishi ish bilan ta’minlangan. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i mazkur tadbirkorlik sub’yektida mahsulot ishlab chiqarish quvvati va sotuvi bilan tanishdi. Tadbirkor bilan suhbatda faoliyatni yanada kengaytirish bo’yicha bildirilgan takliflarni o’rganib chiqish va zarur yordam ko’rsatilishi haqida mas’ullarga vazifalar yuklatildi.

SHundan so’ng, viloyat 3- sektor rahbarining tuman aholisi va yoshlari bilan ommaviy sayyor uchrashuvi boshlandi. Tuman sektorlari rahbarlari, tegishli tashkilotlar boshliqlari, hokim o’rinbosarlari, sektor shtabi a’zolari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlari ishtirokidagi uchrashuv avvalida “YOshlar daftari”da ro’yxatda turgan 8 nafar yoshlarga “YOshlar jamg’armasi”dan oliy ta’limda o’qishi uchun to’lov shartnoma pullarining 50 foizini to’lab berish, 3 nafar “Ayollar daftari”da ro’yxatida turgan xotin-qizlarga imtiyozli kredit olish bo’yicha sertifikatlar berildi. SHuningdek, 4 nafar tashabbuskor yoshlar sektor rahbarining faxriy yorlig’i bilan taqdirlangan bo’lsa, voyaga yetgan 3 nafar yoshga hamda O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan 1 nafar shaxsga fuqarolikni tasdiqlovchi ID kartalar topshirildi.

Sayyor qabulda aholi va yoshlar o’zlarini qiynab kelayotgan turli masalalar bilan 3- sektor rahbariga murojaat qilib, ularni hal etishda amaliy yordam so’rashdi. Tadbirda har bir masalani joyida o’rganilib, tegishli mas’ullarga ko’rsatma berildi. Oqar suv, ko’chalarni ta’mirlash, asfal’t qilish, shag’al yotqizish, sog’lig’ini tiklash, oliy ta’limdagi o’qishni davom ettirish uchun shartnoma to’lovi, uy-joyni ta’mirlashda moddiy yordam ko’rsatish, bandlikka oid har bir murojaat mas’ullar ishtirokida ko’rildi. YOshlarning ilg’or tashabbuslari qo’llab-quvvatlandi.

Sayyor qabulda ijrosi vaqt talab etadigan muammolar bo’yicha chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech