Sektor rahbari Forishda aholi va yoshlar bilan ochiq muloqot o’tkazdi
Forish tumanining Oqtom mahallasida maktabgacha ta’lim tashkiloti binosining qurilishi 2021 yilda boshlangan. O’tgan davr mobaynida 100 o’rinli bino qad rostlab, bugunga qadar zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’.Qodirov oqtomliklar bilan muloqoti avvalida ushbu maskanda yaratilgan sharoitlarni ko’zdan kechirdi. Mas’ullar bilan suhbatda muassasani isitish tizimi va ayrim kamchiliklarni qisqa fursatda hal etib, faoliyatini yo’lga qo’yish bo’yicha topshiriqlar berdi.
Boshqarma boshlig’i hududda ehtiyojmand oilalarda ham bo’ldi. Xususan, Mehnatobod qishlog’idagi 39 uyda istiqomat qiluvchi G’aybulla Abdujabborovning yashash sharoitini ko’zdan kechirdi. Ma’lum bo’lishicha, oiladagi 3 nafar farzanddan biri bolaligidan o’zgalar ko’magiga muxtoj. Sektor rahbari ushbu oilaga yordam ko’rsatish, bandligini ta’minlash, turmush sharoitini yaxshilash bo’yicha mutasaddilarga vazifalar yukladi. Bundan tashqari ushbu ko’chada yashovchi fuqarolar boshqarma boshlig’idan salomatligini tiklash, ko’mir bilan ta’minlash, uy-joyini ta’mirlash kabi qator masalalar bo’yicha murojaat qilishdi. Har bir masalaga yechim topish va hal etish bo’yicha aloqador korxona va tashkilotlar rahbarlariga ko’rsatmalar berdi.
Mahalla faollari, korxona va tashkilotlar rahbarlari bilan hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, infratuzilmani yanada yaxshilash, tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash borasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Fuqarolar e’tiroziga sabab bo’layotgan masalalarni o’z vaqtida va joyida bartaraf qilish lozimligi uqtirildi.
Ta’kidlash joiz, hudud aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash chorasi ko’rilmoqda. Joriy yilning aprel’ oyiga qadar amalga oshiriladigan loyiha yakuni bilan 3 ming 400 nafardan ziyod oqtomliklarning ichimlik suvi bo’yicha ehtiyoji qondiriladi.
Mahalladagi 16- sonli o’rta umumta’lim maktabida o’tkazilgan sayyor qabulda fuqarolar o’zlarini qiynab kelayotgan qator muammolarni hal etishda sektor rahbaridan amaliy yordam so’rashdi. Xususan, bandlik, issiqxona qurish uchun kredit va subsidiya ajratilishi, shu qatorda o’g’irlik, firibgarlik kabi qonunni buzganlarga chora ko’rish kabi masalalar bayon etildi. Har bir murojaat mas’ullar ishtirokida muhokama qilinib, mutasaddilarga ijrosini ta’minlash bo’yicha vazifalar yuklatildi.
Tadbir davomida “YOshlar daftari”da ro’yxatda turgan 3 nafar yoshlarga oliy ta’lim uchun shartnoma pullari va bir nafariga safarbarlik chaqiruv rezervida xizmat qilish uchun uchun to’lovlar o’tkazilganligi haqida sertifikatlar topshirildi. SHuningdek, faol va tashabbuskor yoshlar viloyat IIB boshlig’ining faxriy yorliq hamda estalik sovg’alari bilan taqdirlandi.
SHu kuni viloyat IIB boshlig’i tuman 3- sektori hamda mutasaddi korxona va tashkilotlar tomonidan mahallada uyma-uy yurish orqali muammolarni o’rganish, hudud imkoniyatidan kelib chiqqan holda tadbirkorlikni rivojlantirish, ehtiyojmand oilalarni qo’llab-quvvatlash lozimligini uqtirdi. SHu asosida mahalla faollari va sektor mas’ullari qabuldan so’ng aholi xonadonlarida bo’lishdi. 74 yoshli Unsin Mahmudovaning o’g’lini nafaqaga chiqarish bo’yicha murojaati o’rganilib, yordam ko’rsatilishi ma’lum qilindi. SHuningdek, Zebo To’rayevaning oliy ta’lim muassasasida ta’lim oluvchi qizi uchun vaqtinchalik turar joy bilan ta’minlash yoki ijara to’lovida amaliy yordam ko’rsatilishi tushuntirildi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati