Sektor rahbari yangiobodliklar bilan uchrashdi
“Yаngi O’zbekistonni” qurish davrida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, fuqarolar uchun munosib sharoitlarni yaratish, hattoki eng chekka qishloqlarda ham aholining turmush darajasini oshirish maqsadida barcha imkoniyatlar safarbar etilmoqda.
Bu borada aynan sektorlar faoliyati davlat organlari va jamoatchilik tuzilmalarini xalqqa yaqinlashtirib, ularning dardi bilan yashashni o’rgatdi desak xato bo’lmaydi. Jizzax viloyati 3- sektor rahbarining YAngiobod tumani “Do’stlik” mahallasida aholi, xususan yoshlar bilan uchrashuvida ham barcha mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi. 6- sonli o’rta umumta’lim maktabida o’tgan qabul avvalida sektor rahbari tuman hokimi va mas’ullar bilan birgalikda hunarmandlar va tadbirkorlarning mahsulotlari ko’rgazmasi bilan tanishishdi.
SHuningdek, bo’sh ish o’rinlari mehnat yarmarkasida 36 ta korxona va tashkilotlar 133 ta bo’sh ish o’rinlari bilan ishtirok etayotgani ma’lum qilindi. Maktabning sport zalida o’quvchilarning sport turlari bilan shug’ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlar ham ko’zdan kechirildi. Sport to’garaklari faoliyati, qatnashchilar va ularning erishayotgan yutuqlari bilan qiziqqan rahbarlar, yoshlar o’rtasida sport turlarini yanada ommalashtirishga qaratilgan takliflarini bildirishdi.
Tadbir davomida Do’stlik mahallasining ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarining 8 nafariga oziq-ovqat mahsulotlari, 16 yoshga to’lgan 5 nafar yoshlarga ID kartalar topshirildi. 10 nafar tashabbuskor yoshlar esa faxriy yorliq hamda esdalik sovg’alar bilan rag’batlantirildi.
Sektor rahbarining fuqarolar bilan muloqotida aholi tomonidan ichimlik suvi hamda tabiiy gaz ta’minoti, ko’chalarni asfal’t qilish va shag’al yotqizish, 9- maktab hamda fuqarolar yig’ini binosini ta’mirlash kabi qator masalalarda amaliy yordam so’raldi. Murojaatlarning aksariyati joyida bartaraf etilib, mahallada «sohabay», «mahallabay» va «fuqarobay» ish samaradorligini oshirish, aniqlangan ijtimoiy masalalarni bartaraf etish yuzasidan sektor rahbarlari va tegishli idoralar mas’ullari hamda hokim yordamchisiga topshiriqlar berildi va murojaatlar yechimi bo’yicha aniq muddatlar belgilandi.
Sayyor qabul doirasida Jizzax viloyati sog’liqni saqlash boshqarmasining mobil poliklinikasi shifokorlari tomonidan mahalla aholisi uchun tibbiy ko’rik, viloyat ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo’limi xodimlari tomonidan ayollar bilan suhbatlar uyushtirildi. Muloqotlarda viloyat ichki ishlar boshqarmasi huquqiy-psixologik yordam ko’rsatish va reablitatsiya etish sayyor avtobusida mutaxassislar tomonidan ayollarga huquqiy-psixologik yordam berildi.
SHu kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i CHakand qishlog’ida istiqomat qiluvchi 75 yoshli Ro’zijon ona Turdiqulova holidan xabar oldi. Birinchi guruh nogironligi bo’lgan onaxon bilan suhbatda yurtimizda aholi turmush sharoitini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlar haqida so’z yuritilib, onaxonga zarur yordam ko’rsatilishi aytildi. Bundan tashqari, mahalladagi ijtimoiy axvoli og’ir xonadonlar, surunkali va og’ir kasalligi tufayli davolanib kelayotgan fuqarolar xonadonlarida ham bo’lindi. Ularga zaruriy tibbiy va moddiy ko’mak berildi.
Sayyor qabulda bayon etilgan tabiiy gaz bilan ta’minlash to’g’risidagi masala ham joyida o’rganildi. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i shu joyda hokimlik va kommunal xizmat ko’rsatish korxonalari rahbarlari hamda hokim yordamchisi bilan muloqot o’tkazdi. Hududni obodonlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash bo’yicha ishlarni jadallashtirish bo’yicha topshiriqlar berdi.
Ta’kidlash joiz, tuman 3- sektori tomonidan hudud imkoniyatdan kelib chiqqan holda tadbirkorlikni rivojlantirish choralari ko’rilmoqda. Xususan, “YOshlar daftari”da ro’yhatda turgan Umarjon Nazarqulovning tadbirkorlik loyihasi qo’llab-quvvatlandi. Bugunda yosh tadbirkorning avtomashinalarga texnik xizmat ko’rsatish shahobchasida 5 nafar fuqaro doimiy ish bilan band.
Mahallada 3 ta qishloq bo’lib, mavjud 11 ta ko’chaning aksariyatiga o’tgan yili shag’al va asfal’t yotqizilgan. Mazkur sayyor qabulda qolgan ko’chalarni ta’mirlash bilan bog’liq masala shu kunning o’zida hal etildi. CHunonchi, CHakand qishlog’ining Bog’iston ko’chasiga shag’al yotqizish ishlari boshlab yuborildi.
Albatta, aholini qiynayotgan masalalarning mutasaddilar tomonidan o’rganilib, ularning joyida hal etilishi insonlar turmush madaniyatini yanada yuksaltirishga zamin yaratadi. O’z navbatida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish orqali yangi ish o’rinlari yaratish, tadbirkorlik loyihalarini joriy etish, asosiysi fuqarolar rozligiga erishiladi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati