Sektor rahbari maktabda o’tkazilgan “Mustaqillik darsi”da ishtirok etdi
Jizzax viloyati Zomin tumani Guliston mahalla fuqarolar yig’inidagi 30- sonli o’rta umumta’lim maktabida yangi o’quv yilining boshlanishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda maktab pedagogik jamoasi, o’quvchilar, ularning ota-onalari hamda viloyat IIB vakillari ishtirok etdilar. “Yangi O’zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida bo’lib o’tgan marosimda Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov va boshqalar so’zga chiqib, mamlakatimiz ta’lim tizimida kechayotgan islohotlar, yoshlarga qaratilayotgan e’tibor hamda ularning el-yurt oldidagi mas’uliyati xususida to’xtaldilar.
Tadbir davomida maktabning 1- sinfiga qabul qilingan bolalarga o’quv qurollaridan iborat prezident sovg’alari topshirildi. Tantanali marosimda maktab o’quvchilari jamoasi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan tayyorlangan badiiy kompozitsion dastur namoyish etildi. Tadbir yakunida yangi o’quv yilining ilk qo’ng’irog’i yangrab, o’quvchilar sinfxonalarga yo’l olishdi. So’ng Jizzax viloyati IIB boshlig’i 11- sinf o’quvchilariga Mustaqillik darsi o’tdi. Aytish joiz ushbu maktab viloyat IIB otalig’ida.
Shu kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i tumanning 3- sektorida joylashgan kalava ip va trikotaj mato ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Oqsaroy tekstil Jizzax” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur korxonada tayyorlanayotgan kalava ip xorijga eksport qilinmoqda.
Boshqarma boshlig’i “Oqsaroy tekstil Jizzax” korxonasi qoshida ochilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti va o’rta umumta’lim maktabida ham bo’ldi. Bu yerda 3- sektor rahbari bolalar va o’quvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko’zdan kechirdi. Mehmonlarga o’quv muassasalarida qo’llanilayotgan ta’lim texnologiyalari va uslublari to’g’risida atroflicha ma’lumot berildi.