Sektor rahbari paxtakorliklar bilan muloqot qildi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor
G`ayrat Qodirov Paxtakor tumanining “Bog`ishamol” MFYda sayyor qabul o`tkazdi.
3- sektor rahbari qabul avvalida tuman kambag`allikni qisqartirish va aholi
bandligiga ko`maklashish bo`limi tomonidan tashkil etilgan bo`sh ish o`rinlari
mehnat yarmarasi faoliyati bilan tanishdi. Ish beruvchilar bilan mavjud ish
o`rinlari, fuqarolar bandligini ta’minlash borasidagi ishlarga e’tibor qaratdi.
Shuningdek, o`zini-o`zi band qilish uchun 7 nafar xotin-qizga tikuv
moshinalari, yana bir paxtakorlikka elektromotosikl, 6 nafar murojaatchiga
motokultivator, chorvachilik, engil konstruksiyali do`kon qurish uchun kredit
ajratilganligi, 5 nafar yoshlarga turli yo`nalishlarda moddiy yordam
ko`rsatilganligi haqidagi sertifikatlar topshirildi.
Tadbirda sportning milliy kurash turi bilan shug`ullanib, yuqori
natijalarga erishib kelayotgan 6 nafar yoshlar hamda 5 nafar tashabbuskor
o`g`il-qizlar viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`ining faxriy yorlig`i
hamda esdalik sovg`alari topshirildi.
Muloqotda sektor rahbaridan tumanning “Bog`ishamol”, “Mingchinor”,
“Dilorom”, “Nurlipangat” mahallalarida istiqomat qilayotgan aholi o`zlarini
qiynayotgan muammolarini hal etishda yordam so`rashdi. Xususan, salomatligini
tiklash, uy-joy bilan ta’minlash, aliment pullarini undirish, elektr
tarmog`ining simyog`ochlarini yangilash, moddiy yordam ko`rsatish kabi
masalalarga mutasaddilar ishtirokida echim izlandi. Shuningdek, tadbirkorlik
faoliyatini yo`lga qo`yish uchun kredit olish, tikuvchilik faoliyatini
kengaytirish uchun subsidiya ajratish, ko`p qavatli uyning tom qismini
ta’mirlash, issiqlik tizimini soz holatga keltirish uchun ko`mak zarurligi
bayon etildi.
Qabul davomida ko`tarilgan masalalarni o`z vaqtida hal etish hamda kuz-qish
mavsumiga ijtimoiy soha ob’ektlari va aholi xonadonlarini tayyor holatga
keltirish bo`yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.