29 Aprel 2021 yil 944

Sektor rahbari zafarobodlik aholi va yoshlari bilan uchrashdi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Zafarobod tumanida aholi, xususan, yoshlar bilan uchrashdi. Aholi muammolarini o’rganish va ularni hal etishga qaratilgan navbatdagi sayyor qabulida “Pistalikent” va “Nurafshon” shaharcha aholisi ishtirok etdi. Tadbir avvalida hududni obod qilish, ehtiyojmand aholi qatlamini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash borasidagi ishlar xususida ma’lumot berildi. SHundan so’ng, muammolar tinglandi.

Fuqarolar tomonidan asosiy masala sifatida ichki ko’chalarni ta’mirlash, tabiiy gaz va elektr ta’minoti bilan bog’liq, ijtimoiy himoya va to’lovlar, uy-joy masalalari ko’tarildi. Qabulda shu kabi va maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi ta’mirlanayotgani sababli bo’sh turgan o’rta umumta’lim maktabi binosidan foydalanish, tadbirkorlik faoliyati uchun imtiyozli kredit olish, bandlik masalalarini hal etish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Zulxumor Azimova 3-sektor rahbarining avvalgi sayyor qabulida bayon etgan murojaati ko’p o’tmasdan hal etilgan. Bugungi sayyor qabulda esa minnatdorchilik bildirib, yana bir muammo yuzasidan amaliy yordam so’radi.

“Nurafshon” shaharcha fuqarolar yig’inida 64 nafar yoshlar “YOshlar daftari”da ro’yxatda turadi. Ulardan biri Salomat To’xtamurodova qabulda ish so’rab murojaat qildi. Mas’ullar tomonidan mavjud bo’sh o’rinlari to’g’risida ma’lumot berildi va murojaatchi shu yerning o’zida ish bilan ta’minlandi.

Sayyor qabulda jami 80 nafardan ziyod fuqaro muammolari ko’rildi. Ularning 25 tasi joyida hal etildi. Qolgan masalalar yuzasidan chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi. SHuningdek, tadbir davomida ijtimoiy himoyaga muxtoj fuqarolarning 11 nafariga o’zini-o’zi band qilishlari uchun elektr pech berildi. “Temir daftar”da turganlarning 5 nafariga moddiy yordam ko’rsatildi. Bundan tashqari, 4 nafar yoshlarga tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashda imtiyozli kredit olishlari uchun sertifikat hamda 5 nafar yoshlarga fuqarolik pasportlari tantanali ravishda topshirildi. 6 nafar tashabbuskor yoshlarga viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining tashakkurnomalari taqdim etildi. “Obod mahalla” dasturi doirasida “Nurafshon” mahallasiga 2 dona transformatorlar o’rnatilishi ta’minlandi.

4 ming 700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi “Nurafshon” shaharchasida 16 ta oila “Temir daftar” va 143 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”da ro’yhatda turadi. Sektor tomonidan ularni daromad manbaiga ega bo’lishini ta’minlash va har tomonlama qo’llab-quvvatlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Sayyor qabuldan so’ng 3-sektor rahbari tuman hokimi va mas’ullar ishtirokida “Nurafshon” mahallasida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi va hududda obodlik ishlarini boshlash bo’yicha mas’ullarga topshiriqlar yukladi. SHaharcha markazidagi mana bu bino avval madaniyat saroyi bo’lib, bugungi kunda qarovsiz qolgan. Boshqarma boshlig’i ushbu binodan samarali foydalanish, chunonchi xizmat ko’rsatish va ishlab chiqarishga oid loyihalarni amalga oshirish bo’yicha mutasaddilarga ko’rsatmalar berdi.

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech