Sektor rahabari Zomindagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi
“Ermakplus” MCHJ Zomin tumanidagi yirik sanoat korxonalaridan sanaladi. Mazkur meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash loyihasining yo’lga qo’yilishi bilan yuzlab zominliklar ish bilan ta’minlangan. Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov ushbu korxona faoliyati bilan tanishar ekan, hududda aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni yanada kengaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.
Ma’lum qilinishicha, korxona Turkiya davlatida ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan va yillik quvvati 900 tonnani tashkil etadi. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan olma va o’rik nektari, anor sharbati, meva pyuresi kabi mahsulotlar eksportga yo’naltiriladi.
Boshqarma boshlig’i tumanda ichki ko’chalarni shag’allashtirish borasidagi ishlarning borishini ham ko’zdan kechirdi va mahallalarda infratuzilmani yanada yaxshilash, mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan rejalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, Bog’ishamol, Gulshan, YOshlik kabi 10 ga yaqin mahallalarning 22 yarim kilometrlik ko’chalariga shag’al yotqizish reja qilingan va amalda bu ko’rsatkich qariyb 23 kilometrga yaqinlashtirildi. Bundan tashqari, tuman 3- sektori tomonidan hashar yo’li bilan qo’shimcha 8 kilometr yo’lni shag’allashtirish davom etmoqda.
Tumaning Nurafshon mahallasida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand Qanoat Umarova 3- sektor rahbariga murojaat qilib, yashash uyi qurilishida amaliy yordam so’ragan edi. Mazkur masala ishchi guruhi tomonidan o’rganilib, uni ijobiy hal etish chorasi ko’rilmoqda. Hozirda 5 nafar ustalar bunyodkorlik ishlarini jadal olib borishayotir. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i ushbu xayrli ish bilan ham tanishdi va qurilish materiallarini o’z vaqtida yetkazib berish lozimligini uqtirdi. SHu qatorda oilaga zarur ko’mak ko’rsatish bo’yicha mas’ullarga vazifalar yuklatildi.