4 May 2023 yil 503

Sektor rahbari baxmalliklar bilan ochiq muloqot o’tkazdi

Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov aholi muammolariga yechim topish maqsadida Baxmal tumanida aholi, xususan yoshlar bilan muloqot qildi. Tuman Madaniyat markazida o’tgan sayyor qabul avvalida ehtiyojmand oilalarning 10 nafariga maishiy texnikalar, 7 nafariga o’zini-o’zi band qilish uchun subsidiya asosida tikuv moshinka, 5 nafar yoshlarga oliy ta’lim uchun shartnoma pullarining bir qismi to’langanligi haqidagi sertifikatlar topshirildi. Bundan tashqari bir guruh faol yoshlar viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining faxriy yorliq hamda estalik sovg’alari bilan taqdirlanishdi.

Muloqotda fuqarolar o’zlarini qiynab kelayotgan qator muammolarni hal etishda sektor rahbaridan amaliy yordam so’rashdi. Ichimlik suvi, ichki yo’llarni ta’mirlash, yo’l belgilari o’rnatish, salomatligini tiklash, ko’chalarni soz holatga keltirish, shag’al yotqizish, moddiy yordam, eski simyog’ochlarni yangilash, uy-joy bilan ta’minlashga oid muammolarni hal etish zarurligini bayon etishdi.

Sayyor qabulda ko’tarilgan 20 ga yaqin muammo tegishli viloyat va tuman tashkilotlari mas’ullari ishtirokida ko’rilib, ijrosini ta’minlash bo’yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Muloqot chog’ida murojaatlarning aksariyati joyida bartaraf etilib, “mahallabay” va “fuqarobay” ish samaradorligini oshirish, ko’tarilgan muammolarni bartaraf qilish yuzasidan sektor rahbarlari va tegishli idoralar mas’ullari hamda hokim yordamchilariga topshiriqlar berildi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i ko’tarilgan masalalarning ayrimlarini mutasaddilar bilan birga joyiga chiqib o’rgandi, mas’ullarga ijrosini ta’minlash bo’yicha vazifalar yuklatildi. SHuningdek, 3- sektor ishchi guruhi tomonidan fuqarolarning muammolari manzilli ko’zdan kechirilib, yordam ko’rsatish bo’yicha chora-tadbirlar belgilandi.

SHu kuni viloyat IIB boshlig’i tumanning Do’stlik mahallasi aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi ishlarni ham o’rgandi. SHu ma’noda suv uzatish inshootida olib borilgan bunyodkorliklarni ko’zdan kechirdi.

Ma’lum qilinishicha, Do’stlik mahallasi hududida o’tgan yilning dekabr oyida 2 ta suv qudug’ini barpo etish va tarmoqlarni tortish ishlari boshlangan edi. Bugunga kelib ushbu qurilishning 90 foizdan ortig’i bajarilgan. Hozirda aholi xonadonlariga hisoblash uskunasini o’rnatish ishlari olib borilayapti. Mazkur loyiha doirasida jami 3 yarim milliard so’mdan ziyod mablag’ evaziga 2 ta suv qudug’i qazildi, suv minoralari o’rnatilib, 13,3 kilometrlik tarmoq tortildi. YAna sanoqli kunlardan so’ng  500 ta xonadonning suvga bo’lgan ehtiyoji qondiriladi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech