23 Dekabr 2022 yil 435

Sektor rahbari Do’stlik, Zafarobod va forishlik aholilar bilan muloqot o’tkazdi

Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Do’stlik, Zafarobod va Forish tumanlarida aholi bilan uchrashdi. 3- sektor rahbarining Do’stlik tumani Bunyodkor mahallasi aholisi bilan uchrashuvi hududdagi Madaniyat saroyida o’tkazildi. Muloqot avvalida ehtiyojmand oilalarning 4 nafariga elektr pech, o’zini-o’zi band qilishi uchun 5 nafar ayolga subsidiya asosida tikuv moshinasi, O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan 2 shaxsga ID karta, 11 nafar yoshlarga oliy ta’lim uchun shartnoma pullari, safarbarlik chaqiruv rezervi hamda moddiy yordam, kredit mablag’i ajratilganligi haqidagi sertifikatlar topshirildi. 5 nafar tashabbuskor yoshlar esa viloyat IIB boshlig’ining faxriy yorliq hamda sovg’alari bilan taqdirlandi.

Muloqotda fuqarolar o’zlarini qiynayotgan qator masalalarni hal etishda amaliy yordam so’rashdi. Tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, imtiyozli kredit olish, ijtimoiy himoya va moddiy yordam, uy-joy kabi qator masalalarni bartaraf qilish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

SHuningdek, sektor rahbari “Bunyodkor tikuvchi qizlari” MCHJga qarashli trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishdi. Mahallaning 30 nafar xotin-qizlari ishlayotgan mazkur korxonaning mahsulotlari to’liq eksportga yo’naltirilmoqda. Ushbu korxonaning Saritepa mahallasidagi filialida ham 22 kishi doimiy ish o’rniga ega. Ammo kredit to’lovi bilan bog’liq masala faoliyatni yanada kengaytirishda to’siq bo’lib turibdi. Ushbu muammo tuman hokimligi va tijorat banklari mutasaddilari bilan muhokama qilinib, amaliy yordam ko’rsatilishi ma’lum qilindi.

Bugungi izg’irinli kunlarda ijtimoiy soha ob’yektlarini bir maromda issiqlik bilan ta’minlash dolzarb masalalardan sanaladi. SHu ma’noda viloyat IIB boshlig’i mahalladagi 19- sonli o’rta umumta’lim maktabida bo’lib, isitish tizimini ko’zdan kechirdi. SHu bilan birga o’quvchilar bilan suhbatda bo’ldi.

Ma’lum qilinishcha, boshlang’ich ta’lim muassasasida 268 nafar o’quvchilarga 22 nafar pedagog saboq beradi. Mavjud 8 ta qozonxonaga zamonaviy isitish pechlari o’rnatilgan. Hozirda homiylar hisobida maktab uchun mini futbol maydoni qurish ishlari jadal olib borilayotir. Ushbu ishlarni ko’zdan kechirish asnosida sektor rahbari mahalla faollari va sektor shtab a’zolariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslarni qo’llab-quvvatlash, mahallani yanada obod qilish bo’yicha vazifalar yukladi.

Viloyat IIB boshlig’i Zafarobod tumani Pistalikent shaharchasida ham aholi bilan muloqot qildi. Tumandagi barcha sektorlar rahbarlari, korxona va tashkilotlar mas’ullari ishtirokidagi uchrashuvda joriy yilning o’tgan davrida ko’chalarga asfal’t va shag’al yotqizish, ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi ishlar tilga olinib, shu kundagi dolzarb masalalarga ham diqqat qilindi. SHu ma’noda fuqarolar tomonidan fitnes klub faoliyatini yo’lga qo’yish, hududni obod qilish, salomatligini tiklash, uy-joy ta’miri bo’yicha murojaatlar ijrosini ta’minlash bo’yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Tadbir davomida Birlik ko’chasida istiqomat qiluvchi Dilrabo Zokirovaning farzandi salomatligini tiklash, uy-joy ta’miri va moddiy yordam bo’yicha murojaati mas’ullar tomonidan yashash uyiga borib o’rganildi. 3- sektor, tuman tibbiyot birlashmasi hamda mahalla faollari tomonidan oilaga yordam ko’rsatilishi belgilandi.

Forish tumani Oqtepa mahallasi aholisi bilan uchrashuvda ham fuqarolar maktab qurilishi, oqova hamda ichimlik suvi, isitish tizimi bilan bog’liq masalalarni hal etishda ko’mak zarurligini bayon etishdi. Ta’kidlanishicha, 16 ta oila istiqomat qilayotgan 2 qavatli uydagi mavjud 4 ta qozonxonalarning 3 tasi ishlamaydi.

Ko’tarilgan har bir masalani qisqa fursatda hal etish nuqtai nazaridan mutasaddi tashkilotlarga topshiriqlar yuklatildi. Qisqasi, Jizzax viloyati IIB boshlig’ining joylarda o’tkazilayotgan sayyor uchrashuvlarida aholini qiynayotgan dolzarb masalalarga mas’ullarning e’tibori qaratilib ularni zudlikda yechish choralari ko’rilayotir.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech