Sektor rahbari joylarda bajarilayotgan bunyodkorliklik ishlarini ko’zdan kechirdi
O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyida ko’lamli qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Xususan, 400 o’rinli yotoqxona binosi qurib bitkazildi. Bu yerda o’quvchilar uchun barcha qulayliklar yuzaga keltiriladi. YUmshoq mebellar bilan jihozlanib, hozirda so’nggi kommunikatsiya ishlari bajarilmoqda. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov ushbu ishlarning borishini ko’zdan kechirdi. Mutasaddilar va quruvchilar bilan suhbatlashib, ish ko’lamini kengaytirish, zarur sharoitlar yaratilishiga oid topshiriqlar berdi. Hudud obodligini ta’minlash, oqova suv tarmog’ini ulash, yo’laklarni ta’mirlashdagi mavjud kamchiliklar ko’rsatildi.
Bundan tashqari, o’quv binosida bajarilayotgan ishlar ham e’tibordan chetda qolmadi. O’quvchilarning ta’lim olishi uchun zarur sharoitni yaratish maqsad qilingan bu ish doirasida bino to’liq ta’mirdan chiqarilishi ko’zdan tutilgan. Bugunga qadar ta’mirlash ishlarining asosiy qismi yakunlangan. Boshqarma boshlig’i isitish, yoritish tizimlarining o’rnatilishi, binoning jihozlanishini ko’zdan kechirdi va takliflarini bildirdi.
Xuddi shunday, viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo’l harakati xavfsizligi boshqarmasi binosini barpo etish izchillik bilan amalga oshirilayapti. Soha vakillari tez orada 5 qavatli, barcha sharoitlarga ega zamonaviy binoga ega bo’ladilar. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i ushbu ishning borishini ham o’rgandi. Mas’ullar hamda quruvchilar bilan muammolar va ularning yechimi muhokama qilindi.
Binoda xodimlar uchun zarur sharoitni yaratish, xususan, mebellar, jihozlar, komp’yuterlar, aloqa va axborot vositalari bilan ta’minlanishi bo’yicha ma’lumot berildi. Xodimlarning intellektual bilimlari va jismoniy tayyorgarligini oshirishga ham e’tibor qaratilishi qayd etildi. Bu qulayliklar xizmat samaradorligini yanada yaxshilash imkonini beradi.