Sektor rahbari mikrosanoat va xizmat ko’rsatish markazi faoliyati bilan tanishdi
Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Do’stlik tumanidagi mikrosanoat va xizmat ko’rsatish markazida mahsulot ishlab chiqarish faoliyatlarini ko’zdan kechirdi. Mazkur jarayonda viloyat IIB boshlig’iga hududda amalga oshirilayotgan loyihalar xususida atroflicha ma’lumot berildi. Jumladan, qariyb 4 gektarni egallagan ushbu markaz qurilishi uchun 22 milliard so’m yo’naltirilganligi, shuningdek bu yerda 150 nafar tadbirkor tomonidan 60 milliard so’mlik loyihalar hayotga tatbiq etilayotganligi bildirildi. Ma’lum qilinishicha, 550 ish o’rniga ega tikuvchilik majmuasi, 200 ta ish o’rniga ega chinni buyumlar ishlab chiqarish korxonasi faoliyati yo’lga qo’yildi.
Qayd etish kerak, markazda 2000 ta ish o’rni yuzaga keltirilib, asosan ijtimoiy daftarlarga ro’yxatga olingan yoshlar va ayollar qabul qilingan. Qolaversa, markazda mebel’, salqin ichimliklar, charm sumkalar, kanselariya va xo’jalik qog’ozlari, ko’rpa-yostiqlar hamda mix, eshik-deraza romlari, devor va shift bezaklari, gazoblok, penoblok, sementoblok kabi o’nlab turdagi qurilish mahsulotlari tayyorlanadi.
Bugunga kelib markazda bunyodkorlik ishlari deyarli yakunlanib, sanoat loyihalarining aksariyati faoliyat boshlagan.
Ma’lumot o’rnida aytish joiz, mazkur mikrosanoat va xizmat ko’rsatish markazining tez kunlarda tantanali ochilish marosimi o’tkaziladi.