Sektor rahbari Mirzacho’lda aholi bilan muloqot o’tkazdi
Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov aholi muammolariga yechim topish maqsadida Mirzacho’l tumanida aholi, xususan, yoshlar bilan uchrashdi. Dastlab sektor rahbari hudud tadbirkorlarining mahsulotlari ko’rgazmasi bilan tanishdi. SHu yerda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilmani yanada yaxshilash bo’yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi. SHu bilan birga oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, bu borada mavjud imkoniyatlardan foydalanish lozimligi qayd etildi.
Madaniyat markazida o’tgan sayyor qabul avvalida ehtiyojmand oilalarning 3 nafariga subsidiya asosida tikuv moshinkalari, ko’makka muhtojlarga nogironlik aravachasi hamda tirsakli qo’ltiqtayoq, 2 kishiga kredit mablag’i ajratilganligi hamda 8 nafar yoshga oliy ta’lim muassasasi uchun shartnoma puli to’langanligi haqidagi sertifikatlar topshirildi. Jarayonda bir guruh faol va tashabbuskor yoshlar viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining faxriy yorliq hamda esdalik sovg’alari bilan taqdirlanishdi.
Muloqotda fuqarolar o’zlarini qiynab kelayotgan 20 ga yaqin muammolarini hal etishda sektor rahbaridan yordam so’rashdi. Xususan, Ismatulla Mingboyev “Onalar bog’i” uchun kredit ajratish, Rahim Pardayev esa ichimlik suvi ta’minoti, Nurxon CHo’tboyeva bandlik masalasida murojaat qilishdi. Qabul davomida shu kabi kreditga olingan uy jihozlari to’liq berilmaganligi, axloq tuzatish ishlari jazosidan muddatidan avval ozod qilish, oqar suv, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish uchun mablag’ zarurligi bayon etildi. Bundan tashqari, oqova suv tizimidagi nosozliklarni bartaraf etish, tungi yoritish tizimi hamda salomatligini tiklashga oid masalalarga mutasaddilar ishtirokida yechim izlandi.
Sayyor qabulda murojaatlarning aksariyati joyida bartaraf etildi. SHu qatorda “mahallabay” va “fuqarobay” ish samaradorligini oshirish, ko’tarilgan muammolarni bartaraf qilish yuzasidan sektor rahbarlari va tegishli idoralar mas’ullari hamda mahalla faollariga topshiriqlar berildi.