Sektor rahbari saritepaliklar bilan muloqot o’tkazdi
Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov aholi muammolariga yechim topish maqsadida Do’stlik tumanida sayyor qabul o’tkazdi. 3- sektor rahbari dastlab Saritepa mahalla markazida faollar uchun zarur qulaylik yaratish bo’yicha rejalangan ishlar bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, mazkur bino to’liq ta’mirlanib, mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi uchun barcha sharoit yaratiladi.
SHuningdek, binoning ikkinchi qavatida 50 o’rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo’lga qo’yiladi. SHundan so’ng 3- sonli o’rta umumta’lim maktabida tashkil qilingan bo’sh ish o’rinlari mehnat yarmarkasida tashkilotlar tomonidan taklif etilgan bo’sh o’rinlari, aholi va yoshlar ishtirokidagi shaxmat musobaqasi hamda maktab o’quvchilarining rassomchilik va hunarmandchilik namunalari ham ko’zdan kechirildi.
3- sonli o’rta umumta’lim maktabida o’tgan sayyor qabul avvalida ehtiyojmand oilalarning 5 nafariga tikuv moshinkalari, 2 nafariga bir martalik moddiy yordam, 2 nafariga kredit mablag’i ajratilganligi hamda ikki nafar yoshga oliy ta’lim muassasasi uchun shartnoma puli to’langanligi haqidagi sertifikatlar topshirildi. Jarayonda bir guruh faol va tashabbuskor yoshlar viloyat IIB boshlig’ining faxriy yorliq hamda estalik sovg’alari bilan taqdirlanishdi.
Muloqotda saritepaliklar o’zlarini qiynab kelayotgan 25 dan ziyod muammolarini hal etishda sektor rahbaridan yordam so’rashdi. Xususan, ichimlik suvi, mahallaning faol xotin-qizlari uchun sayohat tashkil etish, uy-joyini ta’mirlash masalalari ko’tarildi. Bundan tashqari chorva mollari uchun qo’shimcha bino qurish, ko’chalarni asfal’tlash va shag’al yotqizish, elektr energiyasi uchun transformator o’rnatish, ko’p qavatli uylar uchun tandirxona bunyod etish, kredit va subsidiya ajratish, salomatligini tiklashga oid masalalarga mutasaddilar ishtirokida yechim izlandi.
SHuningdek, tadbirda fuqarolar 3- sektor tomonidan ko’rsatilgan yordamlar uchun minnatdorlik ham bildirishdi. Murojaatlarning aksariyati joyida bartaraf etildi. SHu qatorda “mahallabay” va “fuqarobay” ish samaradorligini oshirish, ko’tarilgan muammolarni bartaraf qilish yuzasidan sektor rahbarlari va tegishli idoralar mas’ullari hamda mahalla faollariga topshiriqlar berildi.