30 May 2023 yil 296

Sektor rahbari Zarbdorda ijtimoiy-iqtisodiy ob’yektlar bilan tanishdi

Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Zarbdor tumanining 3- sektoridagi bir qator ijtimoiy-iqtisodiy ob’yektlarda bo’lib, mavjud muammolarni hal qilish yuzasidan faollar, aholi vakillari bilan muloqot qildi. Dastlab sektor rahbari SHodlik MFYda beshlik faoliyati bilan tanishdi. Xususan, mahallada jinoyatchilikning oldini olish, “xonadonbay” va “fuqarobay” ishlarning borishiga e’tibor qaratdi. SHu ma’noda o’quvchi yoshlarning yozgi ta’til kunlarini mazmunli o’tkazish, ularni to’garaklarga jalb etish, sport turlari bilan shug’ullanishlariga sharoit yaratish borasidagi ishlar muhokama qilindi. Jarayonda oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash bo’yicha mutasaddilarga vazifalar yuklatildi.

Boshqarma boshlig’i shu yerda Do’stlik mahallasida istiqomat qiluvchi, o’ziga biriktirilgan yoshlardan biri Javohir Bosimov bilan muloqot qildi. Suhbat chog’ida o’qib-o’rganish, ilm olish, foydali mehnat bilan shug’ulanish lozimligi uqtirilib, unga eshitish moslamasini topshirdi.

3- sektor rahbari tumandagi “Super star gold” MCHJda tomchilatish sug’orish tizimining afzalliklari bilan ham tanishdi. Ta’kidlash joiz, 20 gektar yerda makkajo’xori va piyoz parvarishlanayotgan ushbu qishloq xo’jaligi tashkilotida 5 nafar doimiy va 20 nafarga yaqin mavsumiy ishchilar mehnat qilishmoqda. Xo’jalikda 3 yildirki artizan qudug’i orqali yer soti suvidan foydalaniladi. Joriy yildan ilk bor ekinlarni tomchilatib sug’orilishi yo’lga qo’yildi. Bu o’z o’rnida yuqori hosildorlikka erishishda muhim omil bo’layapti.

Hozirda o’tgan yilning dekabr oyida ekilgan 7 gektarda piyoz hamda 13 gektar yerda makkajo’xori yetishtirilmoqda. SHu kuni viloyat IIB boshlig’i tuman pillakorlari bilan ham uchrashdi.

Ma’lumot o’rnida, joriy yilda tuman pillakorlari 1 ming 300 quti qurtdan 78 tonna pilla yetishtirish rejalangan. Hozirda hosilni yig’ishtirib olish ishlari qizg’in davom etmoqda. Bugunga qadar ko’zlangan natijaning 73 foizi bajarildi. yetishtirilgan pilla o’z navbatida “Zomin asl ipak tolasi” fabrikasiga yuborilayotir. Bundan tashqari tumanida g’alla o’rim yig’imiga kombaynlarni tayyorlash ishlariga ham diqqat qilindi. Joriy o’rim-yig’imga “Zarbdor Zomin g’alla klassteri” MCHJning 36 ta kombayni soz holatga keltirilgan. Ushbu texnikalar yordamida 14 ming 300 gektarlik g’allani o’z vaqtida o’rib olish choralari ko’rilmoqda.

Boshqarma boshlig’i g’alla o’rimini sifatli va samarali o’tkazish, mexaniklar va ishchilar uchun zarur qulayliklarni yuzaga keltirish, yoqilg’i moylash va zarur ehtiyot qismlar bilan o’z vaqtida ta’minlash, talon-tarojlikka yo’l qo’ymaslik bo’yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Text to speech