7 May 2021 yil 887

Sektorda ish qizg’in

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i viloyatning bir qator hududlarida bo’lib, 3- sektorda aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish, tomorqadan samarali foydalanish, o’zini o’zi band qilish hamda “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

SHarof Rashidov tumanida aholi bandligini ta’minlash maqsadida bo’sh turgan bino tadbirkorga berildi. Bugungi kunda bunyod etilgan tikuvchilik sexida 30 nafar fuqaro ish bilan bane etildi. Kelgusida yana 20 ta ish o’rni yaratish choralari ko’rilmoqda. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i ushbu loyiha bilan tanishib, ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar, mahsulotlar xaridorgirligini oshirish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Tadbirkor tomonidan kelgusida jinsi matosidan mahsulot ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun qo’shimcha binoga ehtiyoji borligini ma’lum qildi. Mazkur masalani hal etish yuzasidan 3- sektor rahbari mas’ullarga topshiriqlar berdi. Do’stlik tumani Saritepa mahallasida ham shunday loyihani amalga oshirish choralari ko’rilmoqda. Xususan, mavjud bo’sh turgan binoni ta’mirlash ishlari olib borilayapti. Sektor rahbari ushbu ishlar bilan tanishib, yaratiladigan ish o’rinlari va ishlab chiqariladigan mahsulot turlari bilan qiziqdi. Boshqarma boshlig’i mahallada aholining tomorqa yer xo’jaliklaridan foydalanishini ham ko’zdan kechirdi.

Mamlakatimiz rahbarining shu yil 26 martdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni asosida tumanning “Bunyodkor” mahallasida huquq-tartibot maskani bunyod etilmoqda. Boshqarma boshlig’i ushbu qurilish ishlari bilan tanishar ekan, mazkur binoda mahalla fuqarolar yig’ini raisi va profilaktika inspektori joylashishi, huquqbuzarliklarning oldini olishda keng jamoatchilik bilan yakdillik bilan ish olib borishini ta’kidladi.

Mahallada o’zini-o’zi band qilish masalasida ham bir muncha ishlar qilingan. Xususan, 3- sektorning bevosita amaliy yordami bilan 60 ta xonadonning 3 sotix yer maydonlarida issiqxonalar bunyod etgan. Har bir issiqxona uchun 18 million so’mdan mablag’ sarf etilgan. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i ushbu issiqxonalarda ham bo’lib, tadbirkor-dehqonlar bilan suhbatlashdi.

O’rganish jarayonida hududlar obodligini ta’minlash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo’yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

Text to speech