Sodir etilgan qonunbuzarlik muhokama etildi
Jizzax shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tashabbusi bilan Nurliobod mahallasida o’quvchi tomonidan sodir etilgan qonunbuzarlik muhokama etildi. Ko’ngilsiz voqeaga 2 nafar bolaning kim zo’rligiga oid tortishuvi sabab bo’lgan.
Nurliobod mahalla fuqarolar yig’ini vakillari, hududdagi o’rta umumta’lim maktablari o’qituvchilari, sektor mas’ullari va o’zini o’zi boshqarish organlari faollari ishtirokida o’tgan tadbir avvalida 6- sinf o’quvchisi tomonidan sodir etilgan qonunbuzarlik haqida ma’lumot berildi.
Ma’lum bo’lishicha, 6 may kuni Jizzax shahar xalq ta’limi bo’limiga qarashli 13- sonli o’rta umumta’lim maktabining 6- sinf o’quvchilari maktab sport zalida futbol o’ynashga qaror qilishadi. SHu yerda o’quvchilardan biri boshqasidan jismoniy jihatdan ustun ekanligini ta’kidlay boshlaydi. Kelib chiqqan janjal oqibatida o’quvchilardan biri tan jarohati oladi va respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialining travmatologiya bo’limiga yotqiziladi. Uning chap o’mrov suyagi yopiq singan.
Tanqidiy ruhda o’tkazilgan muhokama jarayonida voyaga yetmaganlarning ushbu qilmishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlar tahlil etildi. CHunonchi, oilalardagi ma’naviy muhit, ta’lim-tarbiya sifati, bolalarning bo’sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni nazoratsiz qoldirmaslik, bu maqsadda ota-onalar, o’qituvchilar, profilaktika inspektori va mahalla faollarining mas’uliyatini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Xuddi shunday, mutasaddilarning qonunbuzarliklarning oldini olishdagi kamchiliklari tilga olindi. Tadbir davomida viloyat hududida sodir qilingan jinoyat va huquqbuzarliklar haqida ma’lumot berilib, ota-onalar va hudud faollari xushyorlikka chaqirildi. O’z navbatida mas’ullarning huquqbuzarliklar va jinoyatlar profilaktikasi, voyaga yetmaganlar bilan ishlash borasidagi hisoboti tinglandi.
Yig’ilishda fuqarolar orasidagi loqaydlik, farzand tarbiyasiga e’tiborsiz bo’lish oqibatida ko’plab salbiy holatlar yuzaga kelayotganligi, bu o’z navbatida davlatimiz kelajagi bo’lgan yosh avlodning ertangi kuniga salbiy ta’sir o’tkazishi ta’kidlandi. So’zga chiqqanlar yig’ilishdan ko’zlangan asosiy maqsad, voyaga yetmaganlarning shaxsiga yoki qilmishiga to’xtalish emas, balki mazkur holatning kelib chiqishiga zamin yaratgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, ushbu yo’nalishda yo’l qo’yib kelinayotgan kamchiliklarni o’z vaqtida bartaraf etish, kelgusida bu kabi jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda hamjihat bo’lib, “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” tamoyili asosida chora-tadbirlar belgilashdan iboratligini bildirdilar.