19 May 2022 yil 652

3- sektordagi ijtimoiy-iqtisodiy soha ob’yektlari zamonaviy qiyofa kasb etmoqda

Ayni kunlarda Jizzax viloyatining Paxtakor tumanidagi Bog’ishamol mahalla fuqarolar yig’inida “Obod mahalla” dasturi asosida bunyodkorlik ishlari amalga oshirilyapti. CHunonchi, yangi inshootlar tiklanib, mavjud turar joylar, ijtimoiy-iqtisodiy soha ob’yektlari zamonaviy qiyofa kasb etayotir.

Ushbu mahalla joylashgani bois ichki ishlar organlari ma’sullari loyihalarga mablag’ ajratilishi, qurilish mahsulotlari bilan ta’minlash hamda zaruriy texnikalarni jalb etish orqali dasturning hayotga tatbiq etilishiga o’z hissalarini qo’shmoqdalar. SHu ma’noda soha vakillari hududda yuz berayotgan har bir o’zgarishni, xususan barpo etilgan binolarni, faoliyati yo’lga qo’yilgan yangi korxonalarni o’z yutuqlari sifatida ko’radilar.

Bu bejiz emas, jumladan Bog’ishamol mahalla fuqarolar yig’inining ochilish marosimida ichki ishlar organlari xodimlarining mahallani obod qilishga qaratilgan xizmati alohida e’tirof etildi. SHuningdek, mazkur tadbirda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov, Paxtakor tumani hokimi Asilbek Ashurov va boshqalar so’zga chiqib, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash hamda insonlar turmush farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlar xususida to’xtaldilar.

So’ng 1,5 milliard so’m evaziga barpo etilgan mahalla fuqarolar yig’ini binosida rais, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi. Aytgancha, bu yerda kutubxona ham yuzaga keltirilgan.

SHu kuni mahalla fuqarolar yig’ini hududidagi kasb-hunar kollejida bo’sh ish o’rinlari yarmarkasi hamda ishlab chiqarish korxonalari mahsulotlari ko’rgazmasi uyushtirildi. Mazkur jarayonda bog’ishamolliklarga 86 ta ish o’rni taklif etildi. Xuddi shunday, 3- sektor rahbari kasb-hunar kollejida tashkil etilgan, ayni vaqtda 80 nafar xotin-qiz tikuvchilik sirlarini o’zlashtirayotgan kurs faoliyati bilan tanishdi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i hududdagi 30 ishchi mehnat qilayotgan yangi tikuvchilik sexida ham bo’ldi. Bu yerda mas’uliyat cheklangan jamiyat tomonidan kuniga ming dona bolalar va kattalar futbolkalari ishlab chiqarilayotgani, tez orada mahsulotlar Rossiyaga eksport qilinishi, talabga ko’ra ishlab chiqarish hajmi bosqichma-bosqich oshirilishi ma’lum qilindi.  

Bog’ishamolda 3- sektor rahbari 1,5 milliard so’m hisobiga kapital ta’mirlangan 180 nafar bola tarbiyalanayotgan 4- sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Xullas, mahallani obod qilishga qaratilgan ishlar qizg’in davom etmoqda.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

 

Text to speech