20 Yanvar 2023 yil 482

Sohaviy xizmatlar faoliyati sarhisob qilindi

Jizzax viloyati IIB JXX tomonidan soha vakillarining 2022 yilda qonunbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan faoliyatlari muhokama etildi. Viloyat IIB boshlig’ining o’rinbosari, podpolkovnik Rahmatulla Bo’riyev rahbarligida o’tkazilgan yig’ilishda dastlab, hududda 2022 yil davomida yo’l harakati xavfsizligi sohasida amalga oshirilgan ishlar va yo’l qo’yilgan kamchiliklar muhokama etildi.

Ta’kidlanishicha, yo’l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida keng ko’lamli islohotlar amalga oshirilayotgan bir vaqtda hisobot davrida sodir etilgan yo’l-transport hodisalari avvalgi yilga nisbatan 0,4 foizga, tan jarohati olganlar 1,6 foizga oshgan. Ushbu hodisalar oqibatida halok bo’lganlar 1,3 foizga kamaygan. Yig’ilishda og’ir oqibatli, o’lim bilan bog’liq va qurbonsiz yo’l-transport hodisalari tumanlar kesimida va turlari bo’yicha tahlil qilindi. Hodisalarning aksariyati haydovchilarning belgilangan tezlikka, svetofor, yo’l belgilari va chiziqlariga, ishoralarga rioya qilmaslik kabi qoidabuzarliklar oqibatida sodir etilganligi ma’lum qilindi.

Yig’ilishda viloyat IIB JXX JTSBning o’tgan yildagi faoliyatiga ham diqqat qilindi.

Qayd etilishicha, 2022 yilning 12 oyi davomida PPX xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida 850 nafar fuqarodan 1 ming 3 ta tig’li jismlar olib qo’yilgan. Bundan tashqari, PPX saf bo’linmalari naryadlari tomonidan 19 nafar qidiruvda yurgan va 1 nafar bedarak yo’qolgan shaxslar aniqlandi.

Tanqidiy-tahlil ruhida o’tgan yig’ilishda yil davomida PPX saf bo’linmalari naryadlari va PPX xodimlari tomonidan fosh etilgan jinoyatlar, shaxsiy qurol egalarining qurol saqlash qoidalariga amal qilish holatini o’rganish, ichki ishlar organlari maxsus muassasalari, sud va tergov organlarining talabnomalar asosida amalga oshirilgan konvoy tadbirlari, kinologiya hamda karantin tadbirlarini ta’minlash bo’linmasi faoliyatlari ham ko’rib chiqildi. Yo’l qo’yilgan xato va kamchiliklar ko’rsatilib, ularni hal etish choralari belgilandi.

Huddi shunday, viloyat IIB JXX HPB tomonidan o’tgan 12 oy davomida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy ko’rilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo’lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ma’lum qilinishicha, IIO huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’linmalari tomonidan olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida qotillik, talonchilik, bosqinchilik, bezorilik, yengil tan jarohati yetkazish, nomusga tegish jinoyatlari kamaygan bo’lsa, og’ir tan jarohati yetkazish barqaror saqlangan. Yig’ilish davomida viloyatda sodir etilgan umumiy jinoyatlar hududlar kesimida tahlil etildi.

SHu bilan birga viloyatda profilaktika inspektorlari tomonidan aniqlangan ma’muriy huquqbuzarliklar, mahallalarda kriminogen vaziyatni yaxshilash borasidagi chora-tadbirlar, joylarda aholi o’rtasida jinoyat sabablarini va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar muhokama qilinishini tashkil etish ishlari ham ko’rib chiqildi.

Bundan tashqari yig’ilishda viloyat IIB JXX probatsiya bo’limi tomonidan amalga oshirilgan ishlarga ham e’tibor qaratildi. Jarayonda probatsiya guruhlari nazorati ostidagi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar shahar va tumanlar kesimida ko’rib chiqildi. SHu qatorda mahkumlarni qayta kasbga o’qitish, ijtimoiy himoyaga muhtojlariga ko’mak berish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash, o’rnatilgan tartib-qoida talablarini bajarib, mehnatga halol munosabatda bo’layotgan mahkumlarning jazosini yengillashtirish va shartli ravishda ozod qilish ishlari baholandi.

Yig’ilishda xato va kamchiliklar ko’rsatilib, kelgusida probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan takroriy jinoyatlar sodir etilishining oldini olish va ular bilan yakka tartibdagi profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish, ijtimoiy moslashtirishga qaratilgan choralar belgilandi.

Text to speech