Sohaviy xizmatlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi
Jizzax viloyati IIB sohaviy xizmatlar xodimlari ishtirokida o’tkazilgan navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirni boshqarma boshlig’ining o’rinbosari, podpolkovnik H.Abdullayev boshqarib bordi.
Dastlab JDPU tabiiy fanlar fakul’teti kafedrasi geografiya fanlari doktori I.Karimov “Samarqand – YAngi O’zbekistonning turizm markazi” mavzusida ma’ruza qildi. Notiq joriy yil yurtimiz mustaqilligining 31 yilligi bayrami arafasida Samarqand shahrida “Buyuk ipak yo’li” xalqaro turizm markazining ochilishi YAngi O’zbekistonni barpo etish yo’lidagi yana bir salqmoqli, zafarli natija ekanligini qayd etdi.
Ta’kidlanishicha, mazkur majmua loyihasi tajribali me’mor va muhandislardan iborat xalqaro jamoa tomonidan milliy me’morchilik va shaharsozlik tajribamiz, iqlim sharoitiga mos tarzda puxta ishlab chiqilgan. Yiliga ikki million turistga xizmat qiladigan bu ko’p tarmoqli markaz tarkibidan “Boqiy shahar” majmuasi, Kongress holl, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va ko’plab boshqa ob’yektlar o’rin olgan.
SHuningdek, yurtimizda turizmni yanada yuqori bosqichga olib chiqish maqsadida tizimli islohotlar olib borilayotgani, bu taraqqiyot, madaniyat, do’stlik va hamkorlik yo’li sifatida dunyo hamjamiyati bilan turli sohalardagi aloqalarni kuchaytirishga, mamlakatimizga zamonaviy ilm-fan yutuqlari, yuqori texnologiyalar, investitsiyalar, yangi, ilg’or g’oyalar kirib kelishiga imkoniyat yaratayotgani aytildi.
Tadbirda JDPU o’zbek tili va adabiyoti o’qitish metodikasi kafedrasi o’qituvchisi YU.Karimova yozuvchi P.Qodirovning hayoti va ijodi, o’zbek adabiyoti rivojidagi hissasi hususida so’z yuritdi.
Ma’rifat darsida IIV SHXBB Jizzax viloyati bo’yicha bo’limi boshlig’i qonunchilikka kiritilgan qo’shimcha va o’zgartirishlarni ma’lum qildi.
SHu bilan birga, xodimlarining bilim va ko’nikmalari, yangilik va o’zgarishlardan xabardorlik darajasini yanada oshirish maqsadida savol-javob o’tkazilib, faol xodimlar munosib rag’batlantirildi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati