15 Mart 2022 yil 585

“Sog’lom hayot” maxsus profilaktik tadbiri o’tkazildi

YUrtimizda OIVni yuqtirishning oldini olish, aholi, ayniqsa yoshlarning tibbiy madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. SHu ma’noda viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Sog’lom hayot” maxsus profilaktik tadbiri o’tkazildi. Mazkur tadbir doirasida davra suhbatlari, o’quv seminarlari, uchrashuvlar, sport musobaqalari tashkil etildi.

Xususan, Jizzax politexnika hamda Jizzax davlat pedagogika institutlaridagi targ’ibotlarda giyohvandlik, xususan OIV kasalligi, uning yuqish yo’llari, oqibatlari va profilaktikasi xususida ma’lumot berildi. Xuddi shunday Jizzax ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at maktabi va YOshlar innovatsion markazida yig’ilish va davra suhbatlari tashkil etilib, yoshlarning OIV haqidagi bilimlari oshirildi. Mutaxassislar yoshlar sog’lom turmush tarziga rioya qilishlari, sport bilan shug’ullanishi, yaratilgan sharoitlar va berilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda dunyoqarashini kengaytirish lozimligi uqtirildi. Ushbu tadbirlarda bir yarim mingdan ziyod o’rta umumta’lim maktablari va kasb-hunar maktablarining o’quvchilari, qariyib 500 ga yaqin talabalar ishtirok etishdi.

Jizzax olimpiya zahiralari kollejida esa sportning futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo’yicha 2008-2009 yillarda tug’ilgan o’smirlar o’rtasida bellashuvlar o’tkazildi. Ochiq birinchilikda 100 dan ziyod yosh sportchilar mahoratlarini namoyon etishib, yakunda g’oliblar viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan munosib rag’batlantirildi.

Bundan tashqari, Jizzax shahridagi bir martalik ish bilan ta’minlash markazida fuqarolar OIV infeksiyasi va virusli gepatit kasalliklariga tezkor ekspress test usulida tekshirildi. Jizzax shahri va barcha tumanlarda faoliyat olib borayotgan hammomlar, tungi klub, sartaroshxona, sauna, go’zallik salonlari hamda teri butunligini buzib ishlaydigan yo’nalishlarda fuqarolarga xizmat ko’rsatuvchi 225 nafar xodimlardan qon tahlillari olindi. Ulardan bir nafarida OITS kasalligi, 5 nafarida esa boshqa turdagi kasalliklar aniqlandi.

Ta’kidlash joiz, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv boshqarmasi OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash guruhi tomonidan profilaktik tadbir davomida 3 ta holatda jinoyat ishi qo’zg’atildi. 4 ta holatda ma’muriy huquqbuzarlik aniqlandi. SHuningdek, 1 ta islovatxona va 1 ta holatda internet ijtimoiy tarmoqlari orqali noqonuniy faoliyat ko’rsatayotgan guruh faoliyati fosh etildi.

Qisqasi, tashkil etilayotgan tadbirlar orqali fuqarolar OIV infeksiyasidan ogoh etilib, har bir kishi bedavo dardni yuqtirmaslik, tibbiy bilimini oshirib borishi, sog’lom hayot tarziga amal qilishlari lozimligi tushuntirilmoqda.

Text to speech