9 Aprel 2022 yil 520

Sud-huquq masalalari bo’yicha ommaviy qabullar o’tkazildi

Jizzax viloyatida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, respublika oliy sudlari, Bosh prokuratura, Bojxona qo’mitasi mas’ullaridan tarkib topgan ishchi guruhi sud-huquq masalalari bo’yicha ommaviy sayyor qabullar o’tkazdi.

Ommaviy sayyor qabullar Do’stlik tumanida davom etdi. Mirzacho’l, Do’stlik, Arnasoy, Zafarobod va Paxtakor tumanlarida yashovchi fuqarolarning arzini eshitish va ularni hal etish choralarini ko’rishga qaratilgan tadbirga viloyat hamda ushbu tumanlar hokimliklari, boshqarma, tashkilot va korxonalar rahbarlari, mas’ullari jalb etildi. Tumandagi Oltin vodiy mahalla fuqarolar yig’inida o’tgan qabulda O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o’rinbosari, polkovnik YAhyojon Abdulhakov ham murojaatchilar bilan muloqot qildi.

Tadbir davomida fuqarolar tomonidan shaxsga oid hujjatlarni rasmiylashtirish, ishga qabul qilish, qonunbuzarga nisbatan chora ko’rish, firibgardan ko’rilgan zararni undirish kabi qator muammolar ko’tarildi. O’z o’rnida Ichki ishlar vazirining o’rinbosari tomonidan tegishli idoralar mas’ullarini biriktirish orqali masalalarni hal qilish choralari belgilandi. Qabul davomida ushbu mahallada yashovchi fuqaroning muammosi ham barham topadigan bo’ldi. Xususan, bir necha yillar muqaddam boshqa davlatdan ko’chib kelgan fuqaroga o’sha davlatning fuqarolik pasportini olishda amaliy yordam ko’rsatilgan. Mazkur qabulda ushbu fuqaroga O’zbekistonda yashash uchun xorijiy fuqaroning yashash guvohnomasiga hujjatlar rasmiylashtirilib berilishi ko’rsatildi. Qabulga ichki ishlar organlari xodimlari haqida iliq so’z aytish uchun kelganlar ham bo’ldi.

Xuddi shunday, Jizzax shahrining Amir Temur mahallasidagi 23- o’rta umumta’lim maktabida sud-huquq sohasiga oid aholi murojaatlarini o’rganish va bu yo’nalishdagi muammolarni hal qilishga qaratilgan sayyor qabullar davom etdi. O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o’rinbosari, polkovnik YAhyojon Abdulhakovning ommaviy qabuli voyaga yetganlarga shaxsni tasdiqlovchi ID kartalar va sovg’alar topshirish bilan boshlandi.

SHuningdek, tijorat banklarining yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan foydalanish hamda tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklaridan imtiyozli kredit mablag’i olish uchun sertifikatlar topshirildi. Aholi bilan muloqotlar davomida bandlikni ta’minlash, ishga tiklanish, firibgardan ko’rilgan zararni undirish, qonunbuzarga nisbatan chora ko’rish, oilaviy nizolarga barham berish kabi bir qator masalalar ko’tarildi.

Jizzax shahri, Forish, SHarof Rashidov, Zarbdor, Zomin va YAngiobod tumanlarining 20 dan ziyod fuqarosi haq-huquqlarini himoyalash, jazo muqarrarligini ta’minlashda ko’mak so’radilar. Ushbu masalalarning aksariyati joyida hal etilib, huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi.

Qisqasi, o’tkazilgan sayyor qabullarda aholini qiynayotgan ko’plab masalalar hal etilishiga erishildi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech