4 Mart 2022 yil 541

Tadbirkorlar bilan muloqot

Paxtakor tumanida viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Jizzax viloyatidagi O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko’rib chiqish qabulxonasi hamda tuman hokimligi tomonidan tadbirkorlar uchun sayyor qabul o’tkazildi. Tuman xalq qabulxonasida o’tgan qabul avvalida mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash, xususiy mulkning ishonchli himoyasini ta’minlash bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so’z bordi. Qayd etilishicha, ko’rilayotgan choralar tufayli xususiy sektorning iqtisodiyotdagi o’rni ortayapti. SHu bilan birga joylarda xizmat ko’rsatish va ishlab chiqarish korxonalari faoliyatining yo’lga qo’yilayotgani o’z navbatida bandlik bilan bog’liq masalalarni hal etish imkonini ham berayotgani aytildi.

Tadbir davomida tuman iqtisodiyotini yuksaltirish, ish o’rinlari yaratish, kambag’allikni qisqartirishdagi faolligi uchun 4 nafar tadbirkorlar 3- sektor tomonidan faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar. SHuningdek, Toshkent, Samarqand, Bog’ishamol, Mingchinor, Do’stlik va Oltinko’l mahallalarida yashovchi 3 nafar fuqaroga subsidiya hamda 5 nafar ishbilarmonlarga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kredit ajratilganligi haqida sertifikatlar topshirildi.

Qabul davomida paxtakorlik tadbirkorlarning kadastr hujjati, savdo va xizmat ko’rsatish, ishlab chiqarish va hunarmandlik, chorvachilik yo’nalishlarida faoliyatni yanada kengaytirish uchun kredit ta’minoti, shuningdek kommunal xizmat ko’rsatish kabi qator sohalarda duch kelayotgan masalalariga yechim izlandi. Har bir murojaat atroflicha o’rganilib, ularni hal etish yuzasidan tegishliligi bo’yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi. Ijrosi vaqt talab etadigan masalalar nazoratga olindi.

Bugunda tumanda jami 958 ta kichik tadbirkorlik sub’yektlari bo’lib, ularning 20 foizga yaqini sanoat, 136 tasi esa qishloq xo’jaligi yo’nalishida faoliyat ko’rsatadi. Bu kabi uchrashuvlar esa xususiy sektordagi mavjud muammolarni o’rganish va bartaraf etish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Text to speech