10 Noyabr 2021 yil 629

Tadbirkorlar qo’llab-quvvatlanmoqda

Paxtakor tumanida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining birinchi o’rinbosari, polkovnik Jo’rabek Xojanov 3- sektorda faoliyat ko’rsatayotgan tadbirkorlar uchun sayyor qabul o’tkazdi. Muloqot O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko’rib chiqish qabulxonasi rejasiga asosan tashkil etildi.

Muloqotlar jarayonida bildirilgan muammo va masalalarni joyida hal qilish maqsadida sayyor qabulga hokimlik, iqtisodiyot, moliya, kommunal kabi faoliyati ishbilarmonlik bilan bog’liq sohalar mas’ullari jalb etildi. Sayyor qabul avvalida tadbirkorlik bilan shug’ullanmoqchi bo’lgan 4 nafar fuqaroga banklardan imtiyozli shartlarda kredit olish imkonini beruvchi sertifikatlar topshirildi. SHuningdek, 5 kishi sayyor qabul tashkilotchilaridan mikroto’lqinli pechlarni qabul qilib oldilar.

So’ng tadbirkorlar o’zlarini qiynayotgan muammo va masalalarni bayon qilishdi. CHunonchi, umumiy ovqatlanish shoxobchasi egasi, Paxtakor qishloq fuqarolar yig’inida yashovchi Fotima Pardaboyeva faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida 200  million so’m kredit so’ragan bo’lsa, tuyachilik va yilqichilik sohasida tadbirkorlik qilmoqchi bo’lgan, Dilorom mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi Ubaydulla Totliboyev 250 million so’m kredit ajratilishida yordam so’radi.

SHuningdek, noturar yer maydonini davlat ro’yxatidan o’tkazish, korxonalarni elektr va gaz tarmog’iga ulash, topshirilgan qishloq xo’jaligi mahsulotlari uchun to’lovlarni undirish, tadbirkorlik sub’yekti kadastr hujjatlarni rasmiylashtirish masalalari ko’tarildi.

Ishbilarmonlar tomonidan bildirilgan har bir muammoga yechim topish maqsadida tegishli tashkilotlarning mas’ullari biriktirilib, hal qilish muddatlari qat’iy belgilandi.

Text to speech