8 Noyabr 2021 yil 689

G’oliblar taqdirlandi

Jizzax shahrida repsublika Ichki ishlar vazirligining tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo’linmalari terma jamoalari o’rtasida qo’l jangi bo’yicha respublika chempionati bo’lib o’tdi. Mamlakatimiz Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog’lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni asosida tashkil etilgan mazkur musobaqa avvalida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov so’zga chiqdi. Notiq respublikamizda sportni rivojlantirish, xususan ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy va jangovar salohiyatini yuksaltirish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarga to’xtalib, ishtirokchilarga omadlar tiladi.

SHundan so’ng qo’l jangi ustalarining ko’rgazmali chiqishlari uyushtirildi. Ma’lumot o’rnida aytish kerak, musobaqada tarkibida 178 nafar sportchi bo’lgan 18 ta jamoa qatnashdi. CHempionat 3 kun davom etdi. Qizg’in kechgan bellashuvlarda 55 kilogramm vazn toifasida xorazmlik Bekzod Otajonov, 60, 65 hamda 70 kilogramm vazn toifalarida navoiylik SHahboz Tursunov, Olimjon Normurodov va Abbos Qodirovga omad kulib boqdi.

SHuningdek, 75 kilogramm vazn toifasida poytaxtlik Azizbek Isroilov, 80 kilogramm vazn toifasida namanganlik Jasur Solijonov, 85 kilogramm vazn toifasida yana bir poytaxtlik Ulug’bek Nizomiddinov, 90 kilogramm vazn toifasida Sardor Sattorqulov, 90 kilogrammdan yuqori vazn toifasida Bekzod Eshpo’latovlarga teng keladiganlar topilmadi.

Umumjamoa natijalariga keladigan bo’lsak, birinchi o’rinni navoiyliklar qo’lga kiritishdi. Ikkinchi o’rin poytaxtliklarga, uchinchi o’rin esa Buxoro va Jizzax viloyatlari vakillariga nasib etdi. Musobaqa yakunida zafar quchgan jamoalarga Ichki ishlar vazirining kuboklari topshirildi. Xuddi shunday, yuqori natijalarga erishganlar medal’, diplom va qimmatbaho sovg’alar bilan rag’batlantirildi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.

Text to speech