Tantanali tadbir uyushtirildi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida 8 dekabr’ – O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan tantanali yig’ilish uyushtirildi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi va sohaviy xizmatlar vakillari hamda faxriylar ishtirokida bo’lib o’tgan yig’ilish avvalida IIV faxriylar kengashi a’zosi, yuridik fanlari doktori, iste’fodagi polkovnik Abdug’ofir Sattarovning respublikamiz Konstitutsiyasiga bag’ishlangan ma’ruzasi tinglandi. Notiq mamlakatimiz bosh qonunining yaratilishi, asosiy prinsiplari, yurtimiz taraqqiyoti va inson huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi ahamiyati to’g’risida atroflicha to’xtaldi.
SHuningdek, tadbirda O’zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining 30 yilligi munosabati chop qilingan “Ichki ishlar organlarining mard o’g’lonlari”, “Faxriylar faxrimiz” hamda “O’zbekiston xalqi xizmatida” kitoblarining taqdimoti o’tkazildi. Ma’lumot o’rnida aytish kerak, “Ichki ishlar organlarining mard o’g’lonlari” kitobi xizmat davomida halok bo’lgan 170 nafar ichki ishlar organlari xodimlari haqida. IIV Birlashgan tahririyati jamoasi tomonidan tayyorlangan “Faxriylar faxrimiz” kitobida esa jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida yuqori natijalarga erishgan va ayni vaqtda keksalik gashtini surayotgan soha faxriylari xususida fikr yuritiladi.
“O’zbekiston xalqi xizmatida” kitobida ichki ishlar organlarining tarixi, buguni, taraqqiyot bosqichlari, soha rivojiga ulkan hissa qo’shgan fidoyi insonlar qalamga olingan. Taqdimotda IIV akademiyasi dotsenti, tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori, podpolkovnik Quvonchbek Qodirov, Jizzax viloyati IIB boshlig’ining o’rinbosari, polkovnik Olimjon Abdullayev va boshqalar so’zga chiqdilar. Ular adabiyotning inson kamolotidagi o’rni to’g’risida mulohaza yuritishdi.
Yig’ilish davomida Jizzax viloyati IIB tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadining 5 nafar xodimi “Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadlariga 15 yil” esdalik ko’krak nishonlari bilan taqdirlandi. SHuningdek, eng faol xodimlarga kitoblar jamlanmalari topshirildi. Ayni mazmundagi tadbir IIV Jizzax akademik litseyi o’quvchilari ishtirokida ham tashkil etildi. Mazkur yig’ilishlar kitob yarmarkasiga ulanib ketdi.