Tatariston delegatsiyasi Jizzaxda bo’ldi
Jizzax shahriga iqtisodiy hamkorlik o’rnatish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasidan delegatsiya keldi. Dastlab Jizzax viloyati hokimligida Tatariston hamda Jizzax viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari, yoshlar tashkilotlari rahbarlari hamda shahar va tumanlari hokimlari ishtirokida muloqot o’tkazildi. Mazkur jarayonda viloyat hokimi Ergash Saliyev Jizzaxning ishlab chiqarish imkoniyatlari, Rossiya Federatsiyasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan sanoat loyihalari haqida ma’lumot berdi.
O’z navbatida delegatsiya rahbari — Tatariston Respublikasi Raisi administratsiyasining boshlig’i Asgat Safarov har ikkala hudud o’rtasida o’zaro foydali hamkorlikni yo’lga qo’yishga oid fikr va mulohazalarini bildirdi. SHundan so’ng mehmonlar Jizzax shahridagi “O’rda” ekologik bog’ida YAponiya, Eron, Hindiston, Indoneziya kabi 12 ta davlat vakillari ishtirokida belbog’li kurash bo’yicha o’tkazilayotgan Osiyo chempionati bellashuvlarini tomosha qildilar.
Keyin mehmonlarga “Zargarlik” mahalla fuqarolar yig’ini beshligi faoliyati misolida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga ko’mak ko’rsatish, bandlikni ta’minlash, yoshlarning bo’sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan ishlar taqdimoti o’tkazildi. Muloqot davomida sektorlar tizimi haqida ham so’z yuritildi.
SHu kuni mehmonlar Jizzax viloyati axborot-kutubxona markazida bo’lishdi. Bu yerda ularga mazkur ziyo maskanining imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Tabiiyki, delegatsiya a’zolari Qozon federal universitetining Jizzax shahridagi filialiga bordilar. Tataristonlik mehmonlar Jizzax olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hududida barpo etilgan yopiq suzish havzasining ochilish marosimida ham qatnashdilar. Tatariston delegatsiyasi shu kuni kechqurun Jizzax viloyatidan jo’nab ketdi.