Tergov boshqarmasi mas’ullari bank xodimlariga seminar o’tkazdi
Jizzax viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan joylarda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan targ’ibot tadbirlari uyushtirilmoqda. Xuddi shunday “Agrobank” ATB Jizzax viloyat hududiy filialida bank xodimlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Tadbir avvalida 2022 yil hamda joriy yilning o’tgan davrida sodir etilgan jinoyatlar haqida ma’lumot berildi. Ularning sodir etilishiga imkon yaratgan shart-sharoitlar aytilib, har qanday qonunbuzarlik uchun javobgarlik muqarrar ekanligi uqtirildi.
Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda tijorat banklari tomonidan ajratilgan kredit mablag’larini maqsadsiz sarflash bilan bog’liq holatlar uchrab, mazkur jinoyatlarga ayrim bank xodimlarining ham aloqadorligi aytildi. Qayd etilishicha, bunday turdagi jinoyatlar yuzaga kelishiga imkon bergan shart-sharoitlardan biri bank xodimlari tomonidan kredit ajratish bilan bog’liq hujjatlarning to’liq jamlanmasligi, kredit oluvchilarni kredit qaytarish imkoniyati yetarlicha tekshirilmasligi sabab bo’layotgani ko’rsatib o’tildi.
Tadbir davomida kiberjinoyatchilik va uning turlari haqida ham ma’lumot berildi. Bundan tashqari, har bir xodim belgilangan qoida asosida faoliyat yuritishi, zarur hujjatlar asosida amaliyotga kirishish zarurligi tushuntirildi. Ishtirokchilar mavzu yuzasidan o’zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.