Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i general-mayor G`.T.Qodirovning bayram tabrigi
Qadrli shifokorlar, aziz hamkasblar!
Barchangizni bugungi Tibbiyot xodimlari kuni bilan qutlar ekanman,
ichki ishlar organlari xodimlari, soha faxriylari hamda ularning oila a’zolari
salomatligini asrash borasidagi fidokorona mehnatingizni yuksak qadrlashimizni
bildirmoqchiman. Sizlar nafaqat muolaja va dori-darmonlar, balki shirin
so`zingiz bilan dardlarga malham bo`lmoqdasizlar. Shaxsiy tarkib tibbiy
madaniyatini oshirish borasidagi faoliyatingiz ham e’tirofga loyiq. Qolaversa,
pandemiya davrida ko`rsatgan iroda va matonatingizni unutganimiz yo`q.
Yana shunisi aniqki, Jizzax viloyati IIB tibbiyot bo`limining
moddiy-texnik imkoniyatlari yildan yilga kuchaymoqda. Jumladan, bo`lim
tarkibida gospital, poliklinika, sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi
hamda harbiy-tibbiy komissiya mavjud. Bugun mamlakatimizda kechayotgan
o`zgarishlarga uyg`un tarzda tibbiyot bo`limi shifokorlari ixtiyoridagi
zamonaviy tashxis va davolash uskunalari soni 200 tadan ortganligini ham qayd
etmoqchiman.
Shuningdek, viloyat ichki ishlar organlari xodimlari tibbiyot
bo`limining jarroh, terapevt, nevropotolog, okulist, LOR, dermatovenerolog,
stomatolog, pediatr, oftalmolog, funksional diagnost, ginekolog, rentgenolog,
biokimyoviy laboratoriya sanitariya hamda umumiy amaliyot shifokorlari
xizmatidan foydalanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, bo`lim
va gospital joylashgan bino kapital ta’mirdan chiqarildi.
Yaqin kelajakda tibbiyot bo`limi hududida 4 qavatli bino qurish
rejalashtirilgan. Yangi binoda laboratoriya majmuasi, bakteriologik laboratoriya,
tashxis markazi, tibbiy asboblarni zararsizlantirish xonasi, harbiy tibbiy
komissiya va ma’rifat zali bo`lishi ko`zda tutilgan.
Qadrli shifokorlar, hamshiralar va kichik tibbiyot xodimlari!
Sizlarni Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan yana bir bor qutlar
ekanman, barchangizga mustahkam sog`lik, uzoq va sermazmun umr, oilaviy
xotirjamlik hamda ichki ishlar organlari xodimlari salomatligini asrashga
qaratilgan sharafli xizmatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolaman!