1 Mart 2022 yil 614

Uch avlod vakillari uchrashganda...

Jizzax politexnika institutida ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylar ishtirokida uch avlod uchrashuvi bo’lib o’tdi. Jizzax viloyati IIB, sohaviy xizmatlar, shahar va tumanlar IIBlari, IIV huzuridagi jazoni ijro etish departamenti 3- mintaqaviy hudud muassasalari vakillari, IIV akademiyasining viloyatda amaliyot o’tayotgan kursantlari hamda faxriylar ishtirokida uyushtirilgan tadbirda IIV faxriysi, iste’fodagi general-mayor Tel’man Murodxodjayev, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari, polkovnik Olimjon Abdullayev, uchinchi mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi boshlig’i, podpolkovnik Obidjon SHerqulov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining maslahatchisi, iste’fodagi polkovnik Nozim Maxammatov va boshqalar so’zga chiqdilar. Ular mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimida kechayotgan islohotlar, xususan sohaga oid qonunlarni mukammallashtirish, ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a’zolari uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida atroflicha to’xtaldilar.

Uchrashuv davomida iste’fodagi general-mayor Tel’man Murodxodjayevning hayoti va xizmat faoliyati aks etgan “Osoyishtalik ortidagi tikanli yo’l” hujjatli fil’mi namoyish etildi. SHuningdek, yig’ilishda faxriylar huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi tajribalari bilan o’rtoqlashdilar. Bundan tashqari jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlarini to’laqonli ta’minlash yuzasidan belgilanayotgan chora-tadbirlar tilga olindi. Xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash  masalasi ham yig’ilganlar diqqat markazida bo’ldi va soha xodimlari tomonidan yo’l qo’yilgan ayrim kamchilik hamda nuqsonlar tanqid ostiga olindi.

Xodimlar xalqqa sadoqat va halollik bilan xizmat qilishga, bildirilgan ishonchga munosib bo’lish hamda bilim va tajribalarini muntazam oshirishga chaqirildi. O’z navbatida har jihatdan hamkasblariga ibrat bo’layotgan bir qator sohaviy xizmatlar xodimlariga tashakkurnomalar topshirildi. 

Ana shunday uchrashuv viloyat ichki ishlar boshqarmasida ham bo’lib o’tdi. IIV Jizzax akademik litseyi o’quvchilari ishtirokida uyushtirilgan tadbirda general-mayor Tel’man Murodxodjayev mamlakatimizda yoshlarning bilim olishlari, kasb-hunar egallashlari va ularni ish bilan ta’minlash bo’yicha belgilanayotgan chora-tadbirlarga to’xtalib o’tdi. SHuningdek, IIV akademik litseylarida ta’lim sifatini oshirish maqsadida qilinayotgan ishlar tilga olindi. Tadbir yakunida faol o’qituvchilar va o’quvchilarga tashakkurnomalar va badiiy adabiyotlar topshirildi.

Text to speech