Uchinchi sektor rahbari aholi va yoshlar bilan muloqot o’tkazdi
Jizzax viloyati 3- sektor hududidagi mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infartuzilmani yaxshilash va tomorqadan unumli foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. SHu ma’noda issiqxona qurish istagida bo’lganlarga yordam ko’rsatilayapti. Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’.Qodirov SHarof Rashidov tumanida o’tkazgan sayyor qabul avvalida hududda ayni yo’nalishdagi ishlar bilan tanishdi. Xususan, Tuyoqli mahallasining issiqxonada qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirayotgan fuqarolari bilan suhbatlashdi. Mahsulot yetishtirish, ko’chatlar parvarishi, xonadon a’zolarining bandligi masalalarini o’rgandi.
Sektor rahbari Qorayantoq mahallasidagi yashash xonadonida tashkil etilgan poyafzal ishlab chiqarish korxonasi faoliyati ham ko’zdan kechirdi. Mahsulot sifati, turlari, ishlab chiqarish va sotuvi bilan qiziqib, faoliyatni yanada rivojlantirish bo’yicha takliflarini bildirdi. SHu yerda mahallalardagi hokim yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari bilan muloqot qilindi. Ularga ilg’or tashabbuslarni qo’llab-quvvatlash orqali yangi ish o’rinlari yaratish, bandlikni ta’minlash bo’yicha topshiriqlar berildi.
Ta’kidlash joiz, mamlakaktimiz rahbarining joriy yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori bilan yoshlar yetakchilari zimmasiga yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag’batlantirish, hayotda o’z o’rinlarini topishlariga ko’maklashish kabi muhim vazifalar yuklatilgan. Qorayantoq mahallasidagi 35- sonli o’rta umumta’lim maktabida o’tgan “YOshlar festivali” misolida buning amaliy natijasini ko’rish mumkin. 3- sektor bilan hamkorlikdagi tadbir davomida 4 ta mahalla yoshlari o’rtasida sportning shaxmat, stol tennisi, mini futbol turlaridan musobaqalar, kitobxonlik bellashuvlari, kitob yarmarkasi, yosh rassomlarning ijodiy ishlari ko’rgazmasi uyushtirildi. Sektor rahbari tuman hokimi va faollar bilan hamkorlikda tadbir ishtirokchilarining tasviriy san’at va tadbirkorlik, ishlab chiqarish sohasidagi ko’rgazmalari bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, hudud yoshlari sportning stol tennis hamda voleybol turlari bo’yicha Respublika miqyosida, shahmatdan esa viloyatda ilg’orlikni qo’ldan bermay kelayapti.
Festivalda viloyat IIB boshlig’i, general-mayor G’. Qodirov va tuman hokimi M. Xolbo’tayevlar amalga oshirilayotgan ko’lamli islohotlar yoshlarning milliy qadriyatlarimizga ehtirom, vatanga munosib komil inson bo’lib yetishishlari, nafaqat yurtimizda, balki jahon miqyosida yutuqlarga erishishlariga imkoniyatlar yaratishini ta’kidlashdi. SHuningdek, ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarida faol ishtirok etgan, besh muhim tashabbus doirasidagi bellashuv hamda sport musobaqalarida g’olib bo’lgan iste’dodli va intiluvchan hamda sportchi yoshlar faxriy yorliq, diplom va esdalik sovg’alari bilan taqdirlanishdi.
SHu kuni 10 nafar yoshlarga oliy ta’lim uchun shartnoma pullari to’langanligi haqidagi sertifikatlar, o’zini-o’zi band qilish maqsadida bir nafar ayolga tikuv moshinkasi, 16 yoshga to’lgan 4 nafar yoshlarga O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalar topshirildi. Festvialda maktabgacha ta’lim muassasa tarbiyalanuvchilari hamda o’rta umumta’lim maktablari o’quvchilari tomonidan kuy-qo’shiq va raqslar ijro etildi. SHundan so’ng sektor rahbari 30- o’rta umumta’lim maktabida fuqarolar bilan muloqot qildi.
Sayyor qabulda Fayziobod, Qorayantoq, Bobur, Oqtosh ota, Tuyoqli mahallalari aholisi mavjud muammolarini bartaraf etishda amaliy yordam so’rashdi. Xususan, ichimlik suvi quvurlarini yangilash, suv nasoslarini almashtirish, salomatligini tiklash, tadbirkorlik faoliyati uchun kredit mablag’i olish, yaroqsiz elektr ustunlarini almashtirish, yo’llarni ta’mirlash, ko’chalarga shag’al yotqizish va asfal’t qilish, maktab binosi qurilishi, ishga joylashish, tabiiy gaz tarmog’iga ulanish kabi masalalar bayon qilindi.
Ko’tarilgan har bir masalaga yechim topish nuqtai nazaridan mutasaddi tashkilotlar mas’ullariga vazifalar yuklatildi. Muloqot davomida fuqarolar 3- sektor tomonidan amalga oshirilgan ishlar, yuzaga keltirilgan qulayliklarni ham e’tirof etishdi.
Sektor rahbarining aholi bilan muloqotida ko’chaga shag’al yotqizish bo’yicha bildirilgan masalalarni joyida hal etilishiga e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, yog’ingarchilik oqibatidan Jizzax suv omboriga kirish kanalidan suv toshib ketishi holatiga barham berish maqsadida olib borilayotgan qirg’oqlarni mustahkamlash ishlari jonlantirildi.
Xullas, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining SHarof Rashidov tumanida aholi, xususan yoshlar bilan muloqoti samarali kechdi. SHu qatorda ko’plab masalalarni barataraf qilish, hudud infartuzilmasini, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashga oid choralar belgilib olindi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati