Hududlarda aholi tibbiy ko’rikdan o’tkazildi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi “Huquqiy-psixologik yordam va reablitatsiya etish sayyor avtobusi”ga biriktirilgan mas’ul xodimlar Paxtakor tumanidagi “Nurli pangat” mahallasida profilaktik tadbir uyushtirishdi.
Tadbirda mahalla fuqarolari tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari tomonidan tibbiy ko’rikdan o’tkazildi. SHuningdek, og’ir ijtimoiy-psixologik yordamga muhtoj, profilaktik hisobda turgan, muqaddam jinoyat sodir etgan shaxslar, yoshlar va voyaga yetmaganlar bilan suhbatlar olib borildi.
Aholi orasida sog’lom turmush tarzini keng targ’ib qilish, fuqarolarning tibbiy bilim va madaniyatni oshirish, kasalliklarni ilk davrida aniqlash va davolash choralarini ko’rishga qaratilgan tadbirda har bir murojaatchining salomatligi ko’zdan kechirildi. CHuqurlashtirilgan ko’rikda shifokorlar tomonidan kasalliklarni davolash va salomatlikka e’tibor qaratish yuzasidan zarur tibbiy tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi huquqiy-psixologik yordam va reablitatsiya etish sayyor avtobusida xotin-qizlar bilan suhbatlar olib borildi. Muloqot chog’ida fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari tinglanib, ularni hal etish choralari ko’rildi. SHu bilan birga huquqiy-psixologik yordamlar ko’rsatildi.
Bundan tashqari, mahallaning ehtiyojmand oilalari, uzoq yillar davomida kelishmovchiligi mavjud bo’lgan fuqarolarning masalalari xonadonlarga borilgan holda o’rganildi. Mahalla faollari hamda hokim yordamchisi bilan hamkorlikda ko’tarilgan muammolarni hal etish bo’yicha zarur choralar belgilandi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirish uchun kredit mablag’i olish, ish bilan ta’minlash, uy-joy bilan bog’liq hamda moddiy yordam kabi masalalarda amaliy ko’mak so’ragan xotin-qizlarga huquqiy tushuntirishlar berildi. O’zini-o’zi band qilish, tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
SHu kuni Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda tuman ichki ishlar bo’limi boshliqlari 14- o’rta umumta’lim maktabida o’quvchilarning ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Pedagoglar bilan bugungi karantin talablari kuchaytirilgan sharoitda masofadan dars o’tilishi, o’quvchilarning o’zlashtirish darajasi va baholash mezonlari haqida suhbatlashildi. Binoni isitishda xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi ko’zdan kechirildi. Fuqarolarga is gazi bilan bog’liq ko’ngilsiz holatlar ma’lum qilinib, ogoh va xushyor bo’lishlari kerakligi uqtirildi.
Xullas, viloyat hududida ehtiyojmand oilalarning yashash tarzini o’rganish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan bu kabi tadbirlar davom etmoqda.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati